“Moliyaviy razvedkaning tezkor va strategik tahlili uchun ilg‘or tahliliy uslublar” mavzusida tashkil etilgan mintaqaviy treningda ishtirok

“Moliyaviy razvedkaning tezkor va strategik tahlili uchun ilg‘or tahliliy uslublar” mavzusida tashkil etilgan mintaqaviy treningda ishtirok

 

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari Qozog‘iston Respublikasining Olmata shahrida bo‘lib o‘tgan “Moliyaviy razvedkaning tezkor va strategik tahlili uchun ilg‘or tahliliy uslublar” mavzusida tashkil etilgan mintaqaviy treningda ishtirok etdi.

Mazkur treningdan maqsad ishtirokchilarning operativ va strategik tahlil o‘tkazishda ilg‘or texnologiyalar yordamida ochiq manbalardagi ma’lumotlardan razvedka maqsadida foydalanish borasidagi bilimlarini oshirish hisoblanadi.

Ushbu tadbirda Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasi davlat organlari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbir xalqaro ekspertlar tomonidan ikki qismga, ya’ni nazariy va amaliy qismga bo‘lib o‘tkazildi.

Tadbirda raqamli texnologiyalarning rivojlanib borishi jarayonida inoyatlarning yangi turlarining yuzaga kelib borishi, bu esa o‘z navbatida, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shu jumladan, moliyaviy razvedka bo‘linmalari ochiq manbalardagi ma’lumotlar asosida operativ va strategik tahlil o‘tkazishda ilg‘or tahliliy uslublardan foydalanish lozimligi ta’kidlandi.

Xalqaro ekspertlar ma’ruzalarida ochiq manbalar asosida ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish (OSINT), moliyaviy operatsiyalar bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish (FININT), ochiq manbalar asosida ma’lumotlarni to‘plash vositalari, ularning moliyaviy razvedka bo‘linmasi faoliyatidagi o‘rni hamda ulardan operativ va strategik tahlil jarayonida foydalanish imkoniyatlari, ijtimoiy tarmoqlar tahlili kabi masalalari atroflicha ko‘rib o‘tildi.

Bundan tashqari, mazkur sohada xalqaro va idoralararo hamkorlikni samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirning ikkinchi qismida, amaliy mashg‘ulotlar jarayonida ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, OSINT va FININT imkoniyatlaridan foydalanish borasidagi ko‘nikmalarini oshirdilar.

Ishtirokchilarda O‘zbekiston vakillari tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish kabi huquqbuzarliklarni aniqlashda shu kabi vositalardan foydalanish borasidagi tajribalari qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bu kabi treninglarni tizimli o‘tkazish ushbu yo‘nalishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini hamda huquqbuzarliklarni aniqlash va tegishli choralar ko‘rishda faoliyat samaradorligini oshirishiga xizmat qilishi ta’kidlab o‘tildi.