2024 yil 21 noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilganining ikki yilligi munosabati bilan “Huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasidagi global chaqiriqlar va tahdidlar: zamonaviy strategiyalar va yechimlar” mavzusida xalqaro konferensiya boshlandi.
Konferensiyaning maqsadi ta’lim jarayonida innovatsion yondashuvlarni muhokama va tahlil qilish uchun yagona platforma yaratish, zamonaviy chaqiriqlarni inobatga olgan holda huquqni muhofaza qilish va tergov faoliyati sohasida kadrlar tayyorlash borasida tajriba almashish, huquqni muhofaza qilish va tergov faoliyatiga oid qonunchilik bazasini takomillashtirishga oid tavsiyalar va amaliy ilmiy yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat.
Anjuman yalpi va tematik parallel sessiyalar shaklida tashkil etilgan bo‘lib, tadbirning birinchi kuni korrupsiya, jinoiy mablag‘larni qonuniylashtirish, terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishda yangi chaqiriq va tendensiyalar, tergov faoliyatida raqamli kriminalistikaning ahamiyati, huquqni muhofaza qilish sohasida fan va ta’lim, sun’iy intellektni qo‘llash, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish ustidan prokuror nazorati samaradorligini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Konferensiya ishida fan va ta’lim sohasidagi 150 dan ortiq xorijiy va milliy ekspertlar, yetakchi olimlar va huquqni muhofaza qilish sohasining tajribali xodimlari, tadqiqotchilar ishtirok etdilar.
Xalqaro konferensiyani kirish so‘zi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari S.B.Ortiqova, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik A.X.Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari O.X.Ismailov, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori S.Maxl, Elchi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori rahbari A.Karttunen, AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi J.Xenik, "Mintaqaviy muloqot" XNNT ijrochi direktori K.Gershak, BMT GJB Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy vakili v.v.b., xalqaro dastur koordinatori Yu.Qurbonov ochib berdilar va huquq-tartibot idoralari faoliyatini samarali tashkil etishda fan va ta’limning ahamiyati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, trasmilliy uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish, inson huquqlarini ta’minlash va boshqa muhim yo‘nalishlarda hamkorlikdagi loyihalarni alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Konferensiya yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko, Belarus Respublikasi Tergov qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari O.S.Shandarovich, Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasi rektori M.Seksembayev, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘i R.A.Xatamov, Turkiya Adliya akademiyasi prezidenti Muhitdin O‘zdemir, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori v.b. I.R.Rustambekov, Tojikiston Respublikasi Huquq-tartibot, qonuniylik, jinoyatchilikni o‘rganish va prokuratura organlari xodimlari malakasini oshirish instituti direktori Sh.Qurbonzoda, Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokuraturasi ilmiy-ta’lim markazining Strategik rejalashtirish va xavflarni aniqlash boshqarmasi boshlig‘i A.Ojagverdiyev kun tartibi yuzasidan ma’ruzalari tinglandi.
Xalqaro konferensiya doirasida "Huquqni muhofaza qilish sohasida fan va ta’lim, sun’iy intellektni qo‘llashning dolzarb masalalari", "Tergov faoliyatini tashkil etishga yangicha yondashuvlar: raqamli kriminalistikaning roli", "Korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish: zamonaviy muammolar va tendensiyalar", shuningdek “Odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish ustidan prokuror nazorati samaradorligini oshirish masalalari” mavzularida parallel sessiyalar bo‘lib o‘tdi.
O‘tkazilgan sessiyalar natijalariga ko‘ra, konferensiyaning huquqni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy va ta’lim salohiyatini oshirish, mas’ul organlar faoliyatida inson huquqlarini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi standartlarni implementatsiya etish, terrorizmni moliyalashtirish va jinoiy aktivlarni tiklash, idoralararo va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy tavsiyalari qabul qilindi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya natijalari to‘plam shaklida chop etiladi.
Konferensiya o‘z ishini 22 noyabr kuni davom ettiradi.