Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil topganligining ikki yilligi munosabati bilan tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tadbirlari doirasida Akademiyada “BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlari konferensiyasi modeli: ikkinchi bosqichni amalga oshirish obzori” o‘tkazildi.
Har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan mazkur tadbir Akademiyaning Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlar turkumiga kiradi.
Tadbir Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, “Mintaqaviy muloqot” XNNT, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, O‘zbekiston Milliy universiteti, Termiz davlat universiteti, Namangan davlat universiteti va Huquqni muhofaza qilish akademiyasidan bakalavriat talabalari ishtirok etdilar.
Ishtirokchilar ikki bosqichdan iborat bo‘lgan BMT Modeli konferensiyasida BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlari delegatlari sifatida rolli o‘yinlarda o‘z bilimlarini namoyon qilishdi.
Xususan, birinchi bosqichda ishtirokchilar Braziliya, Malayziya, Ispaniya, Latviya, Buyuk Britaniya, Kanada, Qozog‘iston, Chexiya, Yaponiya va O‘zbekiston davlatlarining shartli delegatlari sifatida BMT Konvensiyasining 12-moddasi qoidalarning o‘z qonunchiligida qo‘llanilishi bo‘yicha hisobot berishdi.
Konvensiya 12-moddasiga muvofiq, har bir davlat xususiy sektor sohasida halollik standartlarini joriy qilishga ko‘maklashish, ularning huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorligini ta’minlash, davlat organlari bilan munosabatga kirishganda korrupsiyaga va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik kabi masalalarni qamrab olgan.
Tadbirning ikkinchi qismida ta’lim muassasalari jamoalari o‘zlari himoya qilgan xorijiy davlatning tajribasi asosida O‘zbekistonda xususiy sektorning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faolligini oshirishni ta’minlashga qaratilgan takliflar orqali milliy qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha chiqishlarni amalga oshirishdi.
Shartli delegatlarning hisobotlari va takliflari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, “Mintaqaviy muloqot” XNNT, CERT International (Slovakia) tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish sohasidagi ekspertlar tomonidan baholab borildi.
Mazkur tadbir oliy ta’lim muassasalarining talabalari va tinglovchilariga BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va ilg‘or xorijiy davlatlarda xususiy sektorda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalarini chuqur o‘rganishga va bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga yordam berdi.