Xalqaro konferensiya doirasidagi “Huquqni muhofaza qilish faoliyatida fan va ta’limning dolzarb masalalari” parallel sessiyasi yakunlari

Xalqaro konferensiya doirasidagi “Huquqni muhofaza qilish faoliyatida fan va ta’limning dolzarb masalalari” parallel sessiyasi yakunlari


O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilganining ikki yilligi munosabati bilan “Huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasidagi global chaqiriqlar va tahdidlar: zamonaviy strategiyalar va yechimlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida “Huquqni muhofaza qilish faoliyatida fan va ta’limning dolzarb masalalari” parallel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur sessiya huquqni muhofaza qilish faoliyatini takomillashtirish maqsadida unga ta’lim va ilm-fan yutuqlarini samarali joriy etishning dolzarb masalalari yuzasidan ekspertlarning o‘zaro fikr almashishi uchun keng imkoniyat yaratdi.

Parallel sessiyaning asosiy maqsadi huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatida ilm-fan va ta’limning integratsiyasini joriy qilish, zamonaviy tahdidlar sharoitida kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar natijalarini huquqni muhofaza qilish faoliyatiga joriy etish mexanizmlarini rivojlantirish, xalqaro tajribaning ijobiy jihatlarini milliy qonunchilikka implimentatsiya qilish, yuridik ilm-fanni takomillashtirishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, huquqni muhofaza qilish xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv dasturlari, treninglar va stajirovkalar tashkil etish borasidagi muammolarni muhokama qilish va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Sessiya ishida xorijiy va milliy ekspertlar, yetakchi olimlar, soha tadqiqotchilari ishtirok etdilar.

Fransiya Magistrlar maktabi direktori o‘rinbosari H.Bulakras, Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi akademiyasi rektori I.Dmitriyenko, Tergov qo‘mitasi Sankt-Peterburg akademiyasi ilmiy kotibi S.Melixov, Malayziya Korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyasi direktor o‘rinbosari Mohd Saud Ayotulloh Abdul Ma’nan, Gdansk universiteti (Polsha) fakultet dekani o‘rinbosari E.Yuxnevich, Lund universiteti (Shvetsiya) professori P.Olsson, Butunrossiya davlat adliya universiteti Sankt-Peterburg instituti professori A.Smirnov, Grodno davlat universiteti yuridik fakultet dekani dotsent S.Cheburanova, JICA (Yaponiya) eksperti S.Ivama va boshqalar ma’ruza qildilar.

Xorijiy ekspertlar ma’ruzalarida tergov-prokuratura xodimlarini tayyorlash hamda yuridik ta’limni tashkil qilishga oid xorijiy tajriba, huquqni muhofaza qilish sohasida kasbiy kompetensiyalarni shakllantirishda ta’lim va ilmiy faoliyatining ahamiyati, raqamli transformatsiya davrida kasbiy va yuridik ta’limning muammo va istiqbollari, ta’limda sun’iy intellektni qo‘llash masalalari, shuningdek global tahdidlar va ularni bartaraf etish yo‘llariga oid masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Milliy ekspertlar va olimlar chiqishlarida ilmiy faoliyatda sun’iy intellektni qo‘llash va korrupsiyaning oldini olish, respublikamizda inson huquqlari sohasida ta’limni, shuningdek kriminologik tadqiqotlarni rivojlantirish istiqbollari, huquqni muhofaza qilish sohasida ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishlari, holati va muammolari muhokama qilindi.

Nazariyadagi huquqiy bo‘shliqlar va ularning huquqni muhofaza qilish amaliyotiga ta’siri, huquqni muhofaza qilish sohasini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar sessiyaning amaliy ahamiyatini yanada oshirdi.

Tadbir davomida xorijiy davlatlar qonunchiligi va amaliyoti asosida huquqni muhofaza qilish sohasi uchun ta’lim dasturlarini ilmiy tendensiyalarga moslashtirish, innovatsion yondashuvlarga asosan muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish, sohada ilmiy-izlanishlarni jadallashtirish, xalqaro va milliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, hamkorlikda tadqiqot va amaliy dasturlarni amalga oshirish, ilmiy tadqiqot natijalarini huquqni muhofaza qilish faoliyatiga joriy etish mexanizmlarini rivojlantirish, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Shuningdek, konferensiya ishtirokchilari tomonidan yuridik ta’lim va ilmiy izlanishlarni uyg‘unlashtirish orqali zamonaviy tahdidlarga samarali javob beruvchi huquqni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.