2022-yil 28 noyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashni sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PF-257-son Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilib, jinoyatlarni tergov qilish sohasida kadrlarni amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlagan holda yagona yondashuv asosida tayyorlashga qaratilgan uzluksiz o‘quv tizimini yo‘lga qo‘yilgan.
2024-yil 28-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga asos solinganligiga ikki yil to‘lgan kuni oliy harbiy va oliy yuridik ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida “Zamonaviy tergov amaliyotida inson huquqlariga oid yangi yondashuvlar” mavzusidagi respublika yosh huquqshunoslar respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Konferensiyada 20 dan ortiq oliy yuridik ta’lim muassasalari, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Amir Temur nomidagi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti va viloyatlardagi universitetlarning yurisprudensiya sohasi bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalari ishtirok etdilar.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda dastlabki tergov va surishtiruv jarayonida shaxsning huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinishi, uning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini ta’minlash tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda Akademiyada “Tergov faoliyati” bakalavriat ta’lim yo‘nalishida 400 nafardan ortiq talabalar dastlabki tergov va surishtiruv organlarining tergov tarmoqlariga xizmatga tayyorlanmoqda. Magistratura mutaxassisligining “Tergov faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha ham dastlabki tergov va surishtiruv organlaridan tanlab olingan tinglovchilar tahsil olmoqda.
Konferensiyada ta’lim oluvchilarda inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya qilish madaniyati bilan uyg‘unlashgan yuksak ma’naviy, psixologik, tahliliy va kasbiy sifatlarni rivojlantirishning samarali tizimini joriy etishga qaratilgan yondashuvlar borasida talabalarning fikr va mulohazalari eshitildi, ekspertlar tomonidan tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalarga o‘zlarining munosabatlarini bildirdilar.