O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi (keyingi o‘rinlarda – Akademiya) Raqamli kriminalistika ilmiy tadqiqot institutiga (keyingi o‘rinlarda – Institut) yangi texnologiyalar bo‘yicha dasturiy ta’minot yaratadigan dasturchi mutaxassis vazifasiga tanlov e’lon qilinadi (shartnoma asosida vaqtinchalik ish).
Akademiya haqida: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PF–257-sonli Farmoniga asosan Bosh prokuratura Akademiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 iyundagi PQ–229-son “Raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilib, Institut zimmasiga bir qator vazifa va funksiyalar yuklatilgan.
Institutga yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Institutda 4 ta tarkibiy tarmoq, xususan, Ixtisoslashtirilgan raqamli tadqiqot markazi, Raqamli tergovga ko‘maklashish bo‘limi, Uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘limi va Raqamli kriminalistika laboratoriyasi tashkil qilingan.
Hozirgi kunda, Akademiya tarkibidagi Institutning raqamli kriminalistika laboratoriyasiga vaqtinchalik asosda dasturchi mutaxassis jalb qilish zarurati mavjud. Mutaxassis tomonidan taqdim etilgan hujjatlar ma’qullangan taqdirda, u bilan Akademiya o‘rtasida ikki tomonlama fuqarolik huquqiy shartnoma imzolanadi.
Dasturchi quyidagi majburiyatlarni bajaradi:
- Python, Java, C++, C#, JavaScript va boshqa zamonaviy dasturlash tillarini yaxshi bilish;
- Veb texnologiyalarida ishlash. Xususan, HTML, CSS, JavaScript va server tarafdan ishlov berish uchun PHP, Node.js yoki Python (Django, Flask) kabi veb ramkalarda ishlash;
- Ma’lumotlar bazasi bilan ishlash. Xususan, SQL, NoSQL, MySQL, PostgreSQL, MongoDB malumotlar bazalarini boshqarish va ularni dasturga integratsiya qilish;
- Back-end texnologiyalari bilan ishlash. Xususan, server tarafli dasturlash va RESTful API, GraphQL, Node.js, Django, Flask kabi back-end ramkalarini bilish;
- Kod sifatini ta’minlash, ya’ni kodning tozaligi, o‘qilishi va hujjatlashishini ta’minlash (kodni o‘qish va tushunish oson bo‘lishi kerak);
- Testlash, ya’ni yunit, integratsion va tizim testlarini yozish. Testlarni avtomatlashtirish va kod sifatini doimiy nazorat qilish;
- Debaging, ya’ni dasturdagi xatoliklarni topish va tuzatish uchun ilg‘or debaging vositalaridan foydalanish;
- Kriptografiya va xavfsizlikni ta’minlash. Xususan, ma’lumotlarni himoya qilish, autentifikatsiya va avtorizatsiya tizimlarini tushunish;
- Veb xavfsizligini ta’minlash. Xususan, xavfsizlikdagi zaifliklar (masalan, SQL injection, XSS, CSRF) va ulardan qanday himoyalanishni bilish;
- Server va tarmoq sozlamalari, ya’ni veb-serverlarning (Apache, Nginx) tarmoq sozlamalari va serverlarni boshqarish;
- Raqamli kriminalistika ilmiy tadqiqot institutining rasmiy veb-sahifasini ishlab chiqish;
- O‘zbekiston Respublikasida yagona bo‘lgan tadqiqotlar o‘tkazish maqsadida barcha turdagi Elektromobillarning multimediya tizimlarini tahlil qiladigan dasturiy ta’minotlar yaratish;
Nomzodga qo‘yiladigan talablar:
- Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutining rasmiy veb-sahifasini tayyorlaydigan mutaxassis uchun zarur oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;
- 25 yoshdan kichik, 55 yoshdan katta bo‘lmasligi;
- Qonunchilik hujjatlariga muvofiq, mutaxassis veb-sahifa va platformalarni yaratish, ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash huquqidan mahrum etilmagan bo‘lishi;
- Mas’uliyat hissi, mustaqil ish tutish xususiyatlariga ega bo‘lishi zarur.
Yangi texnologiyalarga asoslangan dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqish bo‘yicha mutaxassis vazifasiga ishga qabul qilish Akademiya ichki lokal hujjatlarida belgilangan tartibda, Akademiya rahbari buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
Mazkur ish muddati 2 oyga belgilangan bo‘lib, kelgusida zaruratga ko‘ra, fuqaro mehnat shartnomasi asosida Akademiyaga ishga qabul qilinishi mumkin.
Bajarilgan ish uchun to‘lov miqdori taraflar kelishuvi bilan belgilanadi va talabgorga bajarilgan ish natijasiga ko‘ra to‘lanadi.
Talablar: Tashabbuskorlik, jamoa bilan hamnafas ishlash, berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish.
Ish vaqti 40 soatlik, haftasiga 5 kunlik ish rejimini tashkil etadi.
Talabgor Akademiya Kadrlar bo‘limiga shaxsan murojaat qilib, tegishli hujjatlarni (shaxsini tasdiqlovchi hujjat, obyektivka, oliy ta’lim olganlik haqida diplom va uning ilovasi, mehnat daftarchasi nusxasi, STIR ma’lumotnomasi) taqdim etishi lozim. Taqdim etilgan hujjatlar o‘rganib chiqilganidan so‘ng, zaruratga ko‘ra talabgor bilan komissiya tarkibida suhbat o‘tkaziladi.
Hujjatlarni topshirish muddati 2024 yil 11 dekabrga qadar.
Tel.: 71-202-04-96 (1922)