Akademiya xodimlari Kosshi shahrida (Qozog‘iston Respublikasi) o‘tkazilgan “Elektron dalillarga qayta ishlov berishga aloqador jinoiy ishlar bo‘yicha xalqaro hamkorlik” mavzusidagi mintaqaviy seminarda ishtirok etdilar .
Seminardan ko‘zlangan maqsad xorijiy davlatlardagi elektron dalillarni so‘rov qilish, to‘plash, saqlash va ulardan foydalanish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni ko‘rib chiqishdan iborat.
Tadbir Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasi tomonidan Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlari uchun xalqaro huquqiy hamkorlik tarmog‘i (CASC) bilan birgalikda BMT Giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi ko‘magida tashkil etildi.
Seminarda Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston huquq-tartibot idoralarining 45 dan ortiq vakillari hamda AQSH, Bolgariya, Germaniya, Janubiy Koreya, Italiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, va Yaponiyadan ekspertlar ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
Seminar ishtirokchilariga boshqa mamlakatlardan elektron ma’lumotlarni so‘rov qilish bo‘yicha amaliy qo‘llanmalar, shuningdek, BMTning Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash va raqamli dalillar sohasida xalqaro hamkorlik to‘g‘risidagi konvensiyasi loyihasi taqdim etildi.
Tadbirda Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti boshlig‘i G.F.Musayev “Elektron dalillarni to‘plash, tahlil qilish va saqlash: raqamli kriminalistikada OSINT imkoniyatlari” mavzusida ma’ruza qilib, seminar ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, tashrif davomida bakalavriat fakulteti boshlig‘i B.E.Qayumov va Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasi magistratura tinglovchilari uchrashuvi tashkil etilib, unda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, ta’lim dasturlari va istiqboldagi vazifalari borasida ma’lumot berildi.
Seminar ijobiy tajriba almashish va kelgusida huquqni muhofaza qilish sohasi kadrlarini tayyorlash va malakasini oshirish borasida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish uchun qulay imkoniyat bo‘lib xizmat qildi.