Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Yoshlarni jamoatchilik nazorati, shaffoflik va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga jalb qilish” mavzusidagi seminar-treningi o‘tkazildi.
Tadbir Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ko‘magida tashkil etildi.
Tadbirda Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Amiti universiteti, Vebster universiteti, Inha universiteti, Alfraganus universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabalari ishtirok etdilar.
Trening BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi dasturi milliy koordinatori Azat Irmanov va Transparency International Latviya direktori Inese Taurinya tomonidan olib borildi.
Tadbir dasturidan ekspertlar chiqishlari, guruhlarda ishlash hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi tashabbuslar bo‘yicha tajriba almashish o‘rin oldi.
Talabalar BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalari, GREYS korrupsiya platformasi, fuqarolik monitoringi modellari hamda ochiq ma’lumotlar va axborotlardan huquqbuzarliklarni aniqlash va boshqaruvni yaxshilash maqsadida foydalanish haqidagi ma’lumotlar bilan tanishib chiqdilar.
Shuningdek, tadbir davomida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabalari o‘rtasida tashkil etilgan “Yoshlar korrupsiyaga qarshi tashabbuslari” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Talabalarning loyihalari korrupsiyaga qarshi kurash sohasida ijodiy yondashuvni rivojlantirish, innovatsion yechimlarni izlashni rag‘batlantirish hamda loyihalarni boshqarish ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan.
Tadbir yoshlarning jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, ochiq manbalar va platformalar bilan ishlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkonini berdi.