Yurtimizda sud-huquq sohasiga sun’iy intellektni joriy etish masalalari dolzarb masalalardan biri hisoblanib, bu haqda bir qator normativ-huquqiy hujjatlarda ham alohida ta’kidlangan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi PF-6079-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishni tezlashtirish shartlari belgilangan. 2021-yil 17-fevraldagi PQ-4996-sonli qarori esa mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni nazarda tutadi. Shuningdek, 2023-yil 16-yanvardagi PF-11-sonli Farmonda sud tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qisqa muddatli strategiya tasdiqlanib, sud va prokuratura organlariga bir qator vazifalar yuklatilgan.
Farmonda sudlar faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, idoralararo elektron ma’lumot almashinuvini yaxshilash, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ixtisoslashgan prokurorlar korpusining asosiy vazifalariga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Shu maqsadda 2025-yilning 13-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Sud ishlarini yuritishda sun’iy intellektni joriy etish istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Akademiyaning professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, Raqamli texnologiyalar vazirligi xodimlari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Sudyalar oliy maktabi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti vakillari, mustaqil izlanuvchilar va doktorantlar hamda ilmiy jamoatchilik vakillari onlayn va oflayn shaklda ishtirok etdi.
Konferensiya doirasida sud ishlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish imkoniyatlari, huquqiy jihatlari, xalqaro tajriba hamda mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi. Shuningdek, konferensiyada quyidagi dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi:
– sud ishlarida sun’iy intellektni joriy etishning huquqiy asoslari;
– huquqiy tahlil va hujjatlarni avtomatlashtirishda sun’iy intellekt imkoniyatlari;
– sud qarorlarini qabul qilishda sun’iy intellektdan foydalanishda xorijiy davlatlar tajribalari;
– elektron sudlov tizimi va intellektual yordamchi vositalar;
– sud ishlarida sun’iy intellektga asoslangan axborot xavfsizligi masalalari;
– sun’iy intellektning sud-huquq tizimida yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar va ularning oldini olish masalalari.
Shuningdek, konferensiya ishtirokchilari sud ishlarini yuritishda sun’iy intellektni joriy etish sud ishlarining tezkorligi va shaffofligini oshirish, inson omili ta’sirini kamaytirish hamda odil sudlovni amalga oshirish samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilishi haqida fikr-mulohazalar bildirdi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha sud ishlarini yuritishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish uchun tegishli tavsiyalar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, tadbirga tashrif buyurgan ishtirokchilar va jamoatchilik vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.