Yo‘l-transport sohasida qonunbuzilishlarning oldini olishga qaratilgan qo‘shma loyihaning dastlabki bosqichi yakunlari

Yo‘l-transport sohasida qonunbuzilishlarning oldini olishga qaratilgan qo‘shma loyihaning dastlabki bosqichi yakunlari


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinayotgan “Yo‘l harakati xavfsizligi” qo‘shma loyihasining dastlabki (pilot) bosqichi natijalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur loyiha doirasida 2024-yil sentyabr – noyabr oylarida Toshkent shahrining Yunusobod tumani hamda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan pilot loyiha amalga oshirildi.

Loyihani amalga oshirish davomida jami 6 nafar Yaponiyalik ekspertning mamlakatimizga tashrifi amalga oshirilib, yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq mavjud vaziyat tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda, mavjud ma’lumotlarni tahlil qilish orqali hamda bevosita yo‘l-transport hodisalari o‘choqlariga chiqqan holda o‘rganildi.

Loyiha mavzusi dolzarbligidan kelib chiqqan holda, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan faoliyatga keng jamoatchilikni jalb qilish maqsadida maxsus telegram bot yaratildi va u orqali aholidan kelib tushgan xabarlar yo‘l-transport hodisalari o‘choqlari bo‘yicha yaratilgan maxsus ishga tushirilgan GIS xaritada aks ettirildi.

Loyihaning pilot bosqichini amalga oshirish jarayonida xorijiy ekspertlar bilan bir qatorda 12 nafar milliy ekspertlar ham ishtirok etdi.

Loyihaning dastlabki bosqichidayoq amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan natijalarga erishildi. Xususan, aniqlangan yo‘l-transport hodisalari o‘choqlarini bartaraf etish bo‘yicha bir qator rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish nazarda tutilgan. Jumladan Toshkent shahri, Yunusobod tumani 272-maktab oldidagi yo‘l belgilarini yangilash, avtomashinalar maktab oldida to‘xtab turishini hamda avariya holatlarini vujudga keltirishining oldini olish maqsadida maxsus kauchuk ustunlari hamda tezlikni chegaralovchi yo‘l qoplamasi o‘rnatish, Yangiyo‘l shahri bozori oldidagi yo‘lda yo‘l belgilarini yangilash (zebra chiziqlari, yo‘naltiruvchi strelkalar, to‘xtash chiziqlari), tezlikni chegaralovchi maxsus yo‘l qoplamasi o‘rnatish hamda xavfsizlik orolini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Mazkur ishlarni amalga oshirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Yaponiya tarafi tomonidan qoplanishi belgilangan.

Shuningdek, pilot loyiha davomida xorijiy mutaxassislar tomonidan milliy ekspertlar bilan birga Toshkent shahridagi maktablarda yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha tadbirlar o‘tkazildi.    

Pilot loyiha yakuni bo‘yicha milliy va xorijiy ekspertlar tarafidan maxsus hisobot tayyorlangan bo‘lib, mazkur hisobotning keng jamoatchilikka taqdimoti o‘tkazildi.