Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha 2017-2018 yillarga mo'ljallangan davlat dasturini amalga oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi va Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan YEXHTning Loyihalar koordinatori va “Regional`niy dialog” XNTning ko'magida 2018 yilning 14-15 noyabr kunlari “Davlat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha idoraviy chora-tadbirlarining samaradorligini oshirish” mavzusida xalqaro seminar o'tkazildi.
Tadbirda 150 nafardan ortiq shaxslar - Idoralararo komissiya a'zolari, davlat organlarining rahbarlari va Xalq ta'lim, Oliy va o'rta maxsus ta'lim, Sog'liqni saqlash, Bandlik va mehnat munosabatlari, Moliya, Iqtisodiyot, Adliya, Ichki ishlar vazirliklari, DBQ, DSQ va boshqa davlat organlarining idoraviy muvofiqlashtiruvchilari, Bosh prokuratura xodimlari, Akademiyasi tinglovchilari, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirning maqsadi - korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha xalqaro standartlar va ijobiy ilg'or tajribalarni joriy qilish orqali idoraviy korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligini tubdan oshirish.
Ekspertlar tomonidan O'zbekistonda 2017-2018 yillar davomida korrupsiyani tizimli oldini olish bo'yicha muhim islohotlar amalga oshirilganligi, har bir idora tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha huquqiy va institutsional baza sezilarli takomillashtirilganligi, davlat organlarining shaffofligi va ochiqligini ta'minlanganligi, axborot ochiqligi va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha muhim ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.
YEXHT va Yevropa Kengashining korrupsiyani oldini olish bo'yicha xalqaro eksperti Yaroslav Strelchenok (Latviyaning Korrupsiyaga qarshi byurosining iste'fodagi rahbari) ishtirokchilarga davlat idoralarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha chora-tadbirlarni joriy qilishning muhimligi haqida, shu jumladan ichki nazorat tizimini, korrupsiyaga holatlari haqidagi ma'lumotlarni qabul qilish va hal qilish mexanizmlarini joriy etish, davlat organlarida korruptsiya xavf-xatarlarini baholash haqida ma'lumot berdi hamda mazkur sohadagi xalqaro amaliyotni taqdim etdi.
“Regional`niy dialog” XNT eksperti Goran Klemenchich (Sloveniyaning iste'fodagi adliya vaziri) davlat organlari xodimlari tomonidan aktivlar va manfaatlar to'qnashuvini elektron deklaratsiyalashni joriy qilish amaliyotining samaradorligi, moliyaviy aylanmalarning shaffofligini ta'minlash haqidagi ma'lumotlarni taqdim etdi hamda mazkur sohadagi sloveniya tajribasini onlayn tartibda namoyish qildi.
Taqdimotlar barcha ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi. Tadbirda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va boshqa ishtirokchilar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish bo'yicha jahon tajribasi va ilg'or amaliyoti bilan tanishish imkonini berdi.