O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasiga 2018-2019 o'quv yili uchun rahbar kadrlarni qayta tayyorlash kursiga qabul qilish bo'yicha tanlov o'tkazildi

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasiga 2018-2019 o'quv yili uchun rahbar kadrlarni qayta tayyorlash kursiga qabul qilish bo'yicha tanlov o'tkazildi

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyrug'iga muvofiq, 12-22 noyabr kunlari Bosh prokuratura Akademiyasida rahbar kadrlarni qayta tayyorlash kursiga qabul qilish uchun tanlov 
tashkil etildi.

Uchta bosqichdan iborat bo'lgan tanlovda 113 nafar prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlar qatnashish istagini bildirdilar.

Birinchi bosqichda nomzodlarning bilimlarini aniqlash maqsadida huquqning asosiy 8 ta sohalari bo'yicha test o'tkazildi. Shuningdek, ushbu bosqichda nomzodlar psixodiagnostikadan o'tkazilib, ularning kognitiv xususiyatlari,  shaxslararo munosabatlarga kirishish qobiliyatlari, qiyin vaziyatlarda xulq-atvor uslubini qo'llash kabi zarur kasbiy, axloqiy va psixologik sifatlari aniqlandi.

Ikkinchi bosqichda har bir nomzod o'zi ishlab turgan prokuratura organining sohaviy faoliyatini rivojlantirish bo'yicha tahlil ishini shakllantirdi hamda imtihon komissiyasi oldida taqdimot shaklida himoya qildi.

Uchinchi bosqich imtihon komissiyasi tomonidan yakka tartibdagi suhbat shaklida o'tkazildi. Suhbatda  nomzodlarga ularning huquqni qo'llash sohasidagi islohotlar va zamonaviy tendentsiyalarni hamda prokuratura organlari tizimi mohiyatini tushunish darajasini, prokuratura organlarida ishlarni tashkillashtirish va boshqarishga oid bilim va amaliy ko'nikmalarini hamda ularning tizimli tahlil va tanqidiy fikrlash qobiliyatlarini aniqlashga doir, shuningdek, sohaga va kasbiy xususiyatlarga oid boshqa savollar berildi.

Mazkur tanlovning o'tkazilishi, nomzodlar orasidan rahbar kadrlar uchun zarur bo'lgan boshqaruv va kasbiy kompetensiyalariga hamda qonunlarga va fuqarolarning huquq va erkinliklariga so'zsiz rioya etilishi yuzasidan adolat va mas'uliyat, shaxsiy va ishchanlik fazilatlariga ega bo'lgan munosib kadrlarni tanlab olish imkonini berdi.