“Huquqni muhofaza qilish faoliyatida sun’iy intellekt: xavfsizlikni ta’minlash uchun innovatsion texnologiyalar” ilmiy-amaliy davra suhbati

“Huquqni muhofaza qilish faoliyatida sun’iy intellekt: xavfsizlikni ta’minlash uchun innovatsion texnologiyalar” ilmiy-amaliy davra suhbati


O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan “Markaziy Osiyo Sun’iy intellekt assotsiatsiyasi” bilan hamkorlikda “Huquqni muhofaza qilish faoliyatida sun’iy intellekt: xavfsizlikni ta’minlash uchun innovatsion texnologiyalar” mavzusida ilmiy-amaliy davra suhbati o‘tkazildi.

Ma’lumki, bugungi kunda dunyoda zamonaviy texnologiyalar, ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalari barcha sohalarda, jumladan, huquqni muhofaza qilish tizimida muhim o‘rin egallamoqda. Bu texnologiyalar o‘zgarishlar va innovatsiyalarni yuzaga keltirishda poydevor vazifasini o‘tamoqda.

Davlat rahbari va respublika Hukumati tomonidan mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Shu jumladan, Sun’iy intellekt – 2030 strategiyasi ham qabul qilindi.

Sun’iy intellektning huquqni muhofaza qilish faoliyatida, shu jumladan, huquqni muhofaza qilish organlari va sud tizimida qo‘llanilishi – bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi sun’iy intellekt texnologiyalarining amaliy qo‘llanishini tadqiq qilish, ta’lim muassasalari va huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash borasida faol ish olib borishni maqsad qilgan.

Davr suhbati sun’iy intellekt texnologiyalarini odil sudlov, huquqni muhofaza qilish va xavfsizlik tizimlariga integratsiya qilish bilan bog‘liq imkoniyatlar va muammolarni tahlil qilish, sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha ilg‘or tajribalarni almashish, sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha muvaffaqiyatli amaliy keyslarni muhokama qilish hamda odil sudlov, huquqni muhofaza qilish va xavfsizlik tizimlariga sun’iy intellektni samarali joriy etish uchun strategik tavsiyalar, qonunchilik bazasini takomillashtirishga oid takliflar va amaliy ilmiy yondashuvlarni ilgari surish uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar amaliyotchi xodimlari, Sudyalar oliy maktabi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, “UzbekVoice” kompaniyasi, IIV, FVV va DXX akademiyalari, Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona harbiy instituti, Jamoat xavfsizligi universiteti, TDYUU, Kriminologik tadqiqotlar instituti, TATU, Akademiya talabalari va tinglovchilari hamda mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalari sohasida faoliyat olib borayotgan biznes va nodavlat tashkilotlari ekspertlari ishtirok etishdi.

Shuningdek, tadbirda Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonlik soha vakillari onlayn tarzda qatnashishdi.

Davra suhbatida mavzu doirasida mavjud muammolarni chuqur o‘rganish, ularga samarali yechimlar taklif qilish va kelgusida rivojlantirish istiqbollarini belgilash bo‘yicha fikr almashildi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Markaziy Osiyo Sun’iy intellekt assotsiatsiyasi o‘rtasida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Kriminologik tadqiqotlar instituti o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.

Tadbir yakunida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Mavzuga oid ma’ruza, maqola va tezislar to‘plam shaklida nashr qilinishi nazarda tutilgan.