O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida turgan “IT texnologiyalaridan foydalanib jinoyat sodir etishning zamonaviy usullari hamda tergov qilish muammolari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, IIV Tergov departamenti, Kriminologiya tadqiqot instituti, Davlat xavfsizligi xizmati akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, IIV akademiyasi, Bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasining professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilari ishtirok etishdi.
Konferensiya kiberjinoyatlarning zamonaviy usullarini tahlil qilish va jinoyatchilikning yangi tendensiyalarini o‘rganish, tergov amaliyotidagi muammolarni aniqlash va samarali yechimlar taklif etish, milliy qonunchilikni takomillashtirish va xalqaro tajribadan foydalanish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va IT mutaxassislar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, axborot xavfsizligini ta’minlash va jinoyatlarning oldini olish mexanizmlarini ishlab chiqish, shuningdek, tergov amaliyotini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Konferensiyani Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko ochib berib, konferensiya mavzusining dolzarbligi, mamlakatimizda bu borada olib borilayotgan davlat siyosatining asosiy jihatlari, shuningdek aniq holatlar misolida huquqni muhofaza qilish faoliyatining mazkur sohadagi xavf-xatarlarida to‘xtalib, Akademiyaning tergov sohasi kadrlarining raqamli jinoyatlarni tergov qilish salohiyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirayotgan izchil faoliyati bilan ishtirokchilarni tanishtirdi. Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida xalqaro va idoralararo hamkorlikni kuchaytirish zarurati alohida ta’kidlab o‘tildi.
Konferensiya davomida jinoyatlarni tergov qilishda raqamli kriminalistikaning o‘rni, kompyuter axborotiga qonunga xilof ravishda kirish jinoyatini tergov qilish metodikasi, IT sohasi bilan bog‘liq jinoyatlarning tarkibiy elementlari, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan jinoyatlar bo‘yicha raqamli ma’lumotlarni olish bo‘yicha mavjud muammolar, bu sohadagi sodir etilayotgan jinoyatlar bo‘yicha o‘tkaziladigan tergov va protsessual harakatlarining o‘ziga xos jihatlari va boshqa shu kabi dolzarb mavzular muhokama etildi.
Internet ijtimoiy tarmoqlarida qonunga xilof ravishda giyohvandlik moddalarini muomalaga kirish bilan bog‘liq jinoyatlar, ish yuritishni istisno qiluvchi holatlarni mezonlarini baholashda raqamli texnologiyalardan foydalanish, banklar va bank kartalaridan pul mablag‘larini o‘g‘irlik yo‘li bilan talon toroj qilish jinoyatlarini tergov qilishning o‘ziga xos xususiyatlari mavzularidagi chiqishlar ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Muhokamalar jarayonida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘liq javoblar oldilar.
Konferensiya materiallari to‘plami chop etilishi rejalashtirilgan.