O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2019 yil 16 dekabrdagi 1353-sonli buyrug'i bilan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida 2019/2020 o'quv yilida prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash kursiga qabul qilish tanlovini o'tkazish tartibiga muvofiq, Bosh prokuratura Akademiyasida joriy yilning 25 may kuni tanlovning ikkinchi bosqichi boshlandi.
Masofaviy qayta tayyorlash kursi shaklida tashkil etilgan tanlovning birinchi bosqichida yuqori natijalarga erishgan 50 nafar nomzodlar ikkinchi bosqichga jalb etildi.
Ushbu bosqich bo'yicha dastlabki masofaviy o'quv mashg'uloti audioselektor shaklida tashkil etilib, mazkur mashg'ulotda Akademiya rahbariyati, qayta tayyorlash kursi hamda masofadan o'qitishga mas'ul xodimlar ishtirok etishdi. Audioselektorda tanlovning ikkinchi bosqichini o'tkazish tartibi, bosqichlari, masofadan malaka oshirish jarayonini olib borishning tartib-qoidalari, texnik va texnologik jihatlari, shuningdek, o'quv jarayoni va nazorat turlari haqida batafsil tushuntirildi.
Ikkinchi bosqich bir oy davomida amalga oshirilib, masofaviy kursning dasturi qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazorati, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi, sudlarda prokurorlik vakolatini ta'minlash, prokurorlik faoliyatini tashkil etish va boshqarish, iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda boshqaruv va menejment asoslari masallarini o'z ichiga olgan 5 ta o'quv bloklaridan iborat. Ushbu kurs nomzodlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy boshqaruv, qaror qabul qilish borasidagi bilim va ko'nikmalarini, shuningdek shaxsiy, ishchanlik sifatlarini takomillashtirishga yo'naltiriladi.
Kurs davomida har bir nomzodga o'z ish faoliyatidan kelib chiqib taqdimot (tahliliy ish, normativ-huquqiy hujjat loyihasi, amaliy qo'llanma va h.k.) tayyorlash topshirig'i beriladi.
Kurs yakuni bo'yicha nomzodlarning o'qitilgan masofaviy kurs o'quv bloklari bo'yicha bilim darajasini aniqlashga qaratilgan onlayn tarzdagi yakuniy imtihonlar o'tkaziladi va natijalari baholanadi.