"Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari va prokuror nazorati" yangi ilmiy risolasi nashr etildi

"Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari va prokuror nazorati" yangi ilmiy risolasi nashr etildi


O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash va ularning jamiyatga to‘liq integratsiyasini qo‘llab-quvvatlash belgilangan. Ana shunday muhim sohani ilmiy tahlil qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Xalqaro huquq va inson huquqlarini himoya qilish kafedrasi hamda Romitan ixtisoslashtirilgan prokuraturasi tomonidan “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari va prokuror nazorati” nomli ilmiy risola tayyorlandi va nashr etildi.

Ushbu ilmiy risola nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy maqomining o‘ziga xos jihatlari, xalqaro standartlar va milliy qonunchilik normalari asosida ularning huquqlarini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan. Risolada nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha so‘nggi yillardagi xalqaro va milliy tendensiyalar tahlil qilingan, ayniqsa, prokuror nazoratining rolini kuchaytirish va takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Darhaqiqat, dunyoqarashda inson omili ustuvor ahamiyat kasb etayotgan bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga moslashuvi, bandligi, ta’lim olishi va huquqlarini himoya qilish sohasida yangi yondashuvlar talab etilmoqda. Bu esa prokuror nazoratining ahamiyatini yanada oshirishni taqozo etadi. Ilmiy risolada aynan shu yo‘nalishdagi zamonaviy mexanizmlar va xalqaro tajriba atroflicha tahlil etilgan.

Mualliflar tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash sohasidagi milliy qonunchilik (jumladan, "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonun va Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya) va amaliyot tanqidiy o‘rganilgan hamda qiyosiy tahlil orqali ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ilgari surilgan. Nashrda prokuror nazoratining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha ham amaliy takliflar berilgan.

Shuningdek, risolaning yakuniy qismlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlariga oid asosiy normativ-huquqiy hujjatlardan muhim ko‘chirmalar va ular uchun amalda belgilangan imtiyozlar ro‘yxati ham keltirilgan.

Ushbu nashr professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, yuridik sohada tahsil olayotgan talabalar (kursantlar va tinglovchilar), prokuratura organlari xodimlari, sudyalar, advokatlar, inson huquqlari va prokuror nazorati muammolariga qiziquvchi keng kitobxonlar ommasi uchun mo‘ljallangan.