Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yangi ustuvor yo'nalishlari va qonun ustuvorligini ta'minlashdagi vazifalar, huquqni muhofaza qilish sohasidagi kadrlarning salohiyatini eng yaxshi, zamonaviy innovatsion yondashuv va amaliyot asosida yanada rivojlantirilishini talab qiladi.
Erishilgan yutuqlar va ilg'or ta'lim uslubiyotlarini joriy etish natijalarini muhokama qilish, tajriba almashish hamda huquqni muhofaza qilish sohasi mutaxassislarini o'qitish jarayonini zamonaviy muammolarni inobatga olgan holda yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish maqsadida Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan joriy yilning 27 may kuni “Huquqni muhofaza qilish sohasidagi ta'lim salohiyatini oshirish: muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferentsiya o'tkazildi.
Tadbir O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi PF–5438-sonli Farmoniga muvofiq Bosh prokuratura Akademiyasi tashkil etilganining ikki yilligi hamda shu davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag'ishlangan bo'lib, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, BMTning Narkotik moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi, YEXHTning O'zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, «Mintaqaviy muloqot» XNNT vakolatxonasi ko'magida tashkil etildi.
Anjuman yalpi va tematik sessiyalar shaklida tashkillashtirilib, unda zamonaviy bosqichda pandemiya sharoitida ta'lim jarayonini tashkil etish masalalari, ta'lim sifatini boshqarish, yuridik fan va maorifning korruptsiyaga qarshi kurashishdagi o'rni va ahamiyati, jinoiy daromadlarni legallashtirishga oid hamda murakkab moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish salohiyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Sessiyalarda ilm-fan va ta'lim sohasidagi 170 dan ziyod xorijiy va milliy ekspertlar, shuningdek 24 davlat va 10 xalqaro tashkilot, jumladan BMT agentliklari, Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish Yevrosiyo guruhi kotibiyati, Xalqaro antikorruptsiya akademiyasi, Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo'yicha xalqaro tarmoq instituti, Moliyaviy monitoring bo'yicha xalqaro o'quv-metodik markazining xalqaro departamenti amaliyotchilari ishtirok etishdi.
Tadbirni kirish so'zi bilan ochgan O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o'rinbosari E.T.Yuldashev hamda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'ribosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, O'zbekiston fanlar akademiyasi haqiqiy a'zosi, akademik, yuridik fanlar doktori, professor, A.X.Saidov Akademiya tomonidan qisqa davr ichida erishilgan ijobiy natijalarda to'xtalib o'tdilar.
Konferentsiyani tashkil etishda yaqindan hamkorlik qilgan BMTning Narkotik moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi mintaqaviy vakili Ashita Mittal, YEXHTning O'zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Elchi Djon MakGregor, “Mintaqaviy muloqot” XNNT vakolatxonasi rahbari M`yusha Sever Akademiya jamoasini qutlab, trasmilliy uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurashish, odil sudlov sohasidagi islohotlar, huquqbuzarliklar profilaktikasi, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va boshqa muhim yo'nalishlarda hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishni kelgusida davom ettirishga tayyorliklarini bildirdilar.
Hamkorlar Akademiyaning kasbiy yuridik ta'limni rivojlantirish, innovatsion ta'lim va raqamli texnologiyalarni joriy etish, fan va ta'limning yuqori sifat standartlariga erishish borasidagi tashabbuslarini qo'llab quvvatlash maqsadida ekanliklarini ta'kidlashdi.
Konferentsiyada Xalqaro antikorruptsiya akademiyasi (IAKA) direktori T.Shtel`zer, Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo'yicha xalqaro tarmoq instituti rahbari V.Ovchinnikov, Xalqaro antikorruptsiya akademiyasi faxriy ijrochi direktori M.Kroytner, Ozarbayjon respulikasi Bosh prokuraturasi Ilmiy-ta'lim markazi boshlig'i N.Bayramov, Armaniston Respublikasi Adliya akademiyasi rektori o'rinbosari A.Manasyan, Qozog'iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi korruptsiyaga qarshi kurashish tadqiqot markazi rahbari J.Risbekova, Kembrij universiteti Markaziy Osiyo forumi direktori, doktor S.Saksena, Rossiya Federatsiyasi Oliy iqtisodiyot maktabi korruptsiyaga qarshi kurashish markazi direktori A.Konov, Rossiya Federatsiyasi Tergov qo'mitasi Sankt-Peterburg akademiyasi malaka oshirish instituti direktori T.Rozovskaya va boshqa ilmiy-ta'lim muassasalari rahbar va xodimlari ma'ruza bilan ishtirok etdilar.
O'tkazilgan yalpi yig'ilish va tematik sessiyalar natijalariga ko'ra, konferentsiyaning huquqni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy va ta'lim salohiyatini oshirish, idoralararo va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy tavsiyalari qabul qilindi.