“Jinoyat ishlari bo'yicha zamonaviy odil sudlovning dolzarb vazifalari: O'zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi tajribasi” mavzusidagi yubiley konferensiyasi

“Jinoyat ishlari bo'yicha zamonaviy odil sudlovning dolzarb vazifalari: O'zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi tajribasi” mavzusidagi yubiley konferensiyasi

2018 yilning 14 noyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasi va Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik jamg'armasi (IRZ) tomonidan jamg'armaning O'zbekistondagi faoliyatini 10 yilligini nishonlashga bag'ishlangan tadbirlar doirasida “Jinoyat ishlari bo'yicha zamonaviy odil sudlovning dolzarb vazifalari: O'zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi tajribasi” mavzusidagi konferensiya o'tkazildi.

Tadbirda GFR Adliya va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish vazirligi qoshidagi parlament stats-kotibi Kristian Lange, GFRning O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Gyunter Overfeld, IRZ fondining Berlin vakolatxonasi va Osiyo bo'yicha loyihalar rahbari Angela Shmaynk, Shlezvig-Golshteyn federal yeri bosh prokuroraturasi katta prokurori Georg-Fridrix Gyuntge, Germaniyadagi jinoiy huquq sohasidagi yetakchi advokat, Passau shahar Universiteti professori, doktor Mixael Tsambikakislar ishtirok etdi.

Shuningdek, tadbirda O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi, IRZ jamg'armasining Toshkentdagi vakillari hamda O'zbekiston Respublikasi jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo'yicha ishchi guruh a'zolari, Bosh prokuratura Akademiyasi professor-o'qituvchilari ishtirok etdi.

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o'rinbosari E.Tadjiev tabrik so'zi bilan chiqib, IRZ jamg'armasining mamlakatda olib borilayotgan islohotlardagi ko'magi hamda Bosh prokuratura Akademiyasi salohiyatini rivojlantirishga qo'shayotgan hissasi haqida alohida to'xtalib o'tdi.

Tadbir davomida Germaniya va O'zbekistonning jinoyat protsessida inson huquqlari himoyasini ta'minlash, jinoyat ishlarini tergov qilish va sudda ko'rish jarayonida himoyachining roli, jinoyat ishlarini ko'rib chiqishning soddalashtirilgan va tezlashtirilgan tartibi, jinoyat protsessi hamda tergov organlari ishini raqamlashtirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Konferensiya O'zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi sohasida tajriba almashish uchun platforma bo'lib xizmat qildi.