Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan “Yuridik fan va huquqni qo‘llash amaliyotining dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi sifatida ilmiy salohiyatga va kreativ yondashuvga ega bo‘lgan yuridik fanlar sohasiga doir zamonaviy g‘oya va takliflarni taqdim etish hamda yuridik fanning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha milliy olimlarimiz va yosh izlanuvchilarimiz tadqiqotlarining hozirgi tendensiyalari va natijalarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Konferensiyada Akademiyaning professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sud, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti vakillari, Huquqni muhofaza qilish akademiyasining mustaqil izlanuvchilari, tayanch doktorantlari, magistratura tinglovchilari va bakalavriat talabalari ishtirok etishdi.
Tadbirda milliy ma’ruzachilardan tashqari, Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Sankt-Peterburg akademiyasi, Belarus Respublikasining Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti hamda Qozog‘iston Respublikasi Akademiyasi huzuridagi Kasbiy tayyorgarlik instituti olimlari hamda tadqiqotchilari ma’ruzalar qilishdi.
Konferensiyada yuridik fanni takomillashtirishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda sun’iy intellektdan foydalanishning afzalliklari, huquqni qo‘llash amaliyotida ilg‘or xorij tajribasini o‘rganishning roliga doir masalalar tahlili hamda hozirgi kunda nazariya va amaliyotda mavjud huquqiy bo‘shliqlar, shu bilan birgalikda erishilayotgan yutuqlar hamda qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishga oid ilgari surilgan takliflar konferensiya ishini jonli ruhda o‘tishiga xizmat qildi.
Shuningdek, konferensiyada qatnashgan yosh tadqiqotchilar ham sohaning yetuk mutaxassislaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi va konferensiya ishi ilmiy bahs-munozara shaklida olib borildi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yakunida ishtirokchilar tomonidan kelgusida yuridik fanning barcha tarmoqlarini rivojlantirishda hamda huquqni qo‘llash amaliyotidagi masalalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirish, ilmiy-amaliy tajriba almashishga kelishib olindi va ishtirokchilarga konferensiya natijasi o‘laroq chop etiladigan materiallar to‘plamiga o‘z ilmiy maqola va tezislarini taqdim etishlari mumkinligi ma’lum qilindi.