Konferensiya doirasida tashkil etilgan «Raqamli transformatsiya davrida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishning dolzarb masalalari» mavzusidagi parallel sessiyada BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, YEXHT, YUNISEF, Ispaniya Qirollik fuqarolik gvardiyasi, Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi Tergov qo‘mitalari, Koreya Respublikasi prokuraturasi, Tojikiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Belarus Respublikasi Sud ekspertizasi davlat qo‘mitasi, A.Ya.Suxarev nomidagi Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi akademiyasi, Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasi, Rossiya Federatsiyasi Prokuratura universiteti, Oliy iqtisodiyot maktabi, M.Yesbulatov nomidagi Qozog‘iston IIV Olmaota akademiyasi va boshqa nufuzli tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Shuningdek, Magnet Forensics, TikTok, MOBILedit Forensic, ACELab, LAN-PROYEKT, Group IB kabi yetakchi IT-kompaniyalar mutaxassislari ham ishtirok etib, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha innovatsion texnik va dasturiy yechimlarini taqdim etdilar.
Sessiyada kiberjinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish, raqamli dalillarni yig‘ish va tahlil qilish, ularning qabul qilinish huquqiy mezonlari, raqamli muhitda voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash, raqamli platformalarning huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorligi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi huzuridagi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati natijalari muhokama qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Oliy sud, DXX, IIV, Toshkent davlat yuridik universiteti, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi, professor-o‘qituvchilar, tinglovchilar va talabalar ishtirok etdilar.
Sessiya jarayonida fikr va tajriba almashildi, sohadagi dolzarb muammolar muhokama qilindi hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.