“Korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish: zamonaviy muammolar va tendensiyalar” parallel sessiyasi

“Korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish: zamonaviy muammolar va tendensiyalar” parallel sessiyasi


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Raqamli transformatsiya davrida huquqni muhofaza qilish sohasidagi zamonaviy chaqiriq va tahdidlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida “Raqamli davrda korrupsiya va jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish” parallel sessiyasi o‘tkazildi.

Mazkur sessiya ikki qismiga, ya’ni korrupsiyaga qarshi kurashishga qarshi kurashish hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish yo‘nalishlariga bo‘lingan tartibda aralash tarzda tashkil etildi.

Xususan, sessiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish: zamonaviy muammolar va tendensiyalar qismida mazkur sohada yuksak ilmiy va amaliy tajribaga ega bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mustaqil komissiya (ICAC, Gonkong), Korrupsiyaga qarshi kurashish Bosh boshqarmasi (DGA, Ruminiya), Milliy magistratura maktabi (ENM, Fransiya), Aktivlarni qaytarish bo‘yicha qo‘mitasi (Qozog‘iston), shuningdek Buyuk Britaniya, Latviya, Pokiston, Sloveniya va boshqa davlatlari hamda BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, “Mintaqaviy muloqot” XNNT, “CERT International” akademiyasi kabi xalqaro tashkilotlarning ekspertlari chiqish qilishdi.

Shu kabi, tadbirda O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan Oliy Majlisi palatalarining korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitalari, Bosh prokuratura, Korrupsiyaga qarish kurashish agentligi, Hisob palatasi, Toshkent davlat yuridik universiteti va boshqa ilmiy-ta’lim muassasalari mutaxassislari qatnashdi.

Ekspert va mutaxassislar o‘z chiqishlarida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishda, noqonuniy aktivlarni qaytarish zamonaviy axborot texnologiyalarining o‘rni, raqamli davrda korrupsiya muammolari bilan bog‘liq yangi tahdid va chaqiriqlar, uning oldini olishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy ilmiy-amaliy tajribalar bilan ishtirokchilarni tanishtirishdi.

Konferensiyaning mazkur sessiyasi ishtirokchilarga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan yangicha islohotlar, tahdidlarni xalqaro standartlar, ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy ilmiy yondashuvlar orqali oldini olish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga yordam berdi.

Sessiyaning ikkinchi qismi jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda BMT Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi, BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Yevropa ittifoqining Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Global fondi, Mintaqaviy muloqot XNTT, Buyuk Britaniya, Qatar va Qozog‘iston vakolatli organlari va o‘quv yurtlari vakillari, shuningdek milliy vakolatli organlar vakillari ishtirok etdi.

Parallel sessiyada jinoiy daromadlarni legallashtirishda professional vositachilarning roli, jinoiy daromadlarni legallashtirishning muammoli jihatlari, noqonuniy moliyaviy oqimlarni o‘lchash va ularga qarshi kurashish, kripto-aktivlardan jinoiy daromadlarni legallashtirishda va terrorizmni moliyalashtirishda foydalanish hamda boshqa masalalar muhokama qilindi.

Jumladan, Qatar moliyaviy razvedka bo‘linmasining vakili FATFning “Yangi texnologiyalarning jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimi uchun imkoniyatlari va chaqiriqlari” nomli qo‘llanmasining mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan chiqishida jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishda sun’iy intellekt asosida raqamli ishlanmalardan yanada keng foydalanish tavakkalchiliklarni yanada samarali aniqlash hamda shubhali faoliyatga tegishli munosabat bildirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Shuningdek, konferensiya doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Markaziy bank va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti o‘rtasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.