O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan joylarda tizimli ravishda ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil boshidan Akademiya ishchi guruhi tomonidan Surxondaryo viloyatining kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan mahallalarida keng qamrovli o‘rganishlar o‘tkazib kelinmoqda.
Viloyat bo‘yicha bunday toifadagi mahallalarda kriminogen vaziyatga ta’sir etuvchi asl omillar, jinoyatlarning sodir etilishiga imkon yaratayotgan sabab va shart-sharoitlar, shuningdek ijtimoiy-maishiy muammolar va profilaktika ishlarining samaradorligi kompleks tarzda tahlil qilindi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra har bir hududning o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, hududiy huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ijro hokimiyatlariga choraklik tuzilayotgan “Yo‘l xaritalari”ga kiritish uchun taqdim etildi.
O‘rganishda yoshlar, xotin-qizlar, ishsizlar va mehnat migrantlari kabi ijtimoiy zaif qatlamlar hamda muqaddam sudlanganlar bilan individual tarzda ishlash, oilaviy-ijtimoiy muammolar tufayli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni oldini olishga alohida e’tibor qaratildi.
Profilaktika jarayonlarini raqamlashtirish doirasida bir qator mahallalardagi jinoyat o‘choqlari hisoblangan hududlarga videokuzatuv kameralari, domofonlar, yuz va transport raqamlarini tanish tizimlarini o‘rnatish va ularni ichki ishlar organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish bo‘yicha aniq takliflar berildi.
Shuningdek, Akademiya tomonidan joylardagi o‘rganishlar asosida o‘g‘rilik, firibgarlik, tan jarohati yetkazish va bezorilik kabi umumiy jinoyatchilikdagi hissasi yuqori bo‘lgan jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan uslubiy qo‘llanmalar tayyorlanib, hududiy profilaktika inspektorlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga kundalik xizmat faoliyatida bevosita foydalanish uchun yetkazildi.
Hozirgi paytda sariq toifaga kiruvchi mahallalarni o‘rganish hamda amalga oshirilayotgan profilaktika choralariga ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatish ishlari davom ettirilmoqda.