Ayni vaqtda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturasiga qabul jarayonlari davom etmoqda. Joriy o‘quv yilidan Akademiyada yangi va dolzarb magistratura yo‘nalishi joriy etilganini ma’lum qilamiz.
Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, raqamli mahsulotlar (xizmatlar) iste’molchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22 yanvardagi “Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi uchun professional kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–17-sonli Qarori qabul qilinib, ushbu qarorga asosan O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab o‘qish muddati bir yilni tashkil etadigan “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” magistratura mutaxassisligi joriy etildi.
Aynan mazkur qaror ijrosidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi № 362-sonli qaroriga asosan amaldagi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida oliy ta’lim va oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul qilish va o‘qitish tartibini belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 6-apreldagi 143-son qaroriga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” mutaxassisligiga quyidagi shaxslar tanlov asosida qabul qilinadilar:
– “Yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega shaxslar (keyingi o‘rinlarda – tashqi nomzodlar);
– “Yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega prokuratura organlarining xodimlari (shu jumladan, amaldagi kadrlar zaxirasidagi xodimlari), shuningdek, boshqa mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotga va bevosita prokuratura organlarida kamida 5-yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan prokuratura organlari xodimlari (keyingi o‘rinlarda – ichki nomzodlar);
– vakolatli davlat organlarining “Yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan xodimlari.
Shuningdek, mazkur mutaxassislik bo‘yicha tanlovda qatnashayotgan nomzodlar Raqamli texnologiyalari vazirligi tomonidan tasdiqlangan nufuzli xalqaro IT-sertifikatga ega bo‘lsalar, tanlovning mutaxassislik fanlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladigan «Informatika va axborot texnologiyalari» fanidan imtihon topshirishdan ozod qilinadi va ularga maksimal ball beriladi.
(Ma’lumot uchun: Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan nufuzli xalqaro IT-sertifikatlar ro‘yxati Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rasmiy saytida e’lon qilingan).
Bundan tashqari, ushbu mutaxassislik bo‘yicha ta’limning kunduzgi shakliga o‘qishga qabul qilingan tinglovchilarning oxirgi egallab turgan lavozimi bo‘yicha belgilangan tartib va miqdorda mehnatga haq to‘lash fondi to‘lovlari (pul ta’minoti) saqlanadi.
Shuningdek, endilikda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida oliy ta’lim va oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul qilish va o‘qitish tartibini belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 6-apreldagi 143-son qaroriga kiritilgan oxirgi o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq, vakolatli davlat organlarining “Yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan xodimlari xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan taqdirda, ularni chet tilidan Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari natijasiga ko‘ra o‘qishga qabul qilish bo‘yicha tartib belgilandi.
Shu munosabat bilan 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab belgilangan qabul parametrlari doirasida vakolatli davlat organlarining xodimlari Akademiya magistraturasining “Prokurorlik faoliyati MASOFAVIY” hamda “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” mutaxassisliklariga o‘tkaziladigan tanlovlarda ishtirok etishlari mumkin.