O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturasiga 2025/2026 o‘quv yili uchun qabul jarayonlari davom etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistraturasiga 2025/2026 o‘quv yili uchun qabul jarayonlari davom etmoqda

 

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida magistraturaning “Prokurorlik faoliyati” (kunduzgi, kechki va masofaviy), “Korrupsiyaga qarshi kurashish”, “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” hamda “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” mutaxassisliklariga 2025/2026 o‘quv yili uchun qabul jarayonlari davom etmoqda. Qabul joriy yil 31 iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni-baholash-agentligining uzbmb.uz elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.

Yangi o‘quv yilida magistraturaning ushbu mutaxassisliklari bo‘yicha ta’limning kunduzgi shakli uchun jami 65 ta, kechki shakli uchun 10 ta, masofaviy shakli uchun 35 ta qabul parametrlari belgilangan.

Akademiya magistraturasining “Prokurorlik faoliyati” sirtqi ta’lim shakli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5 maydagi “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-76-son Farmoniga asosan 2025/2026 o‘quv yilidan tugatilib, o‘quv jarayonlari masofaviy shaklda tashkil etilishi belgilangan. 

Joriy o‘quv yilidan boshlab Akademiyada o‘qish muddati bir yilni tashkil etadigan yangi va dolzarb “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” magistratura mutaxassisligi joriy etildi.

“Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” mutaxassisligiga quyidagi shaxslar tanlov asosida qabul qilinadilar:

“Yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega shaxslar (tashqi nomzodlar);

“Yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega prokuratura organlarining xodimlari (shu jumladan, amaldagi kadrlar zaxirasidagi xodimlari), shuningdek, boshqa mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotga va bevosita prokuratura organlarida kamida 5-yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan prokuratura organlari xodimlari (ichki nomzodlar);

– vakolatli davlat organlarining “Yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan xodimlari.

Nomzodlar Raqamli texnologiyalari vazirligi tomonidan tasdiqlangan nufuzli xalqaro IT-sertifikatga ega bo‘lsalar, tanlovda «Informatika va axborot texnologiyalari» fanidan imtihon topshirishdan ozod qilinadi va ularga maksimal ball beriladi (xalqaro IT-sertifikatlar ro‘yxati Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rasmiy saytida e’lon qilingan).

Ushbu mutaxassislik bo‘yicha ta’limning kunduzgi shakliga o‘qishga qabul qilingan tinglovchilarning oxirgi egallab turgan lavozimi bo‘yicha belgilangan tartib va miqdorda mehnatga haq to‘lash fondi to‘lovlari (pul ta’minoti) saqlanadi.

Shuningdek, vakolatli davlat organlarining “Yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan xodimlari xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan taqdirda, ularni chet tilidan Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari natijasiga ko‘ra o‘qishga qabul qilish bo‘yicha tartib belgilandi.

Shu munosabat bilan 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab belgilangan qabul parametrlari doirasida vakolatli davlat organlarining xodimlari Akademiya magistraturasining “Prokurorlik faoliyati (masofaviy) hamda “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” mutaxassisliklariga o‘tkaziladigan tanlovlarda ishtirok etishlari mumkin.

Magistraturaning barcha mutaxassisliklari bo‘yicha tanlovlar avgust oyida o‘tkaziladi, bu haqida Akademiyaning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida e’lon qilib boriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi

Axborot xizmati