Akademiya haqida: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PF–257-sonli Farmoniga asosan Bosh prokuratura Akademiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasini tashkil etildi.
Quyidagilar Akademiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
Ta’lim oluvchilarda inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya qilish madaniyati bilan uyg‘unlashgan yuksak ma’naviy, psixologik, tahliliy va kasbiy sifatlarni rivojlantirishning samarali tizimini joriy etgan holda jinoyatlarni tergov qilish sohasida mutaxassislarni chuqurlashtirilgan maqsadli bazaviy tayyorlash.
Maxsus kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish va rivojlantirish, sud-huquq sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazishga qaratilgan dasturlar asosida tergov hamda huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
O‘qitishning zamonaviy shakllari, pedagogik va axborot texnologiyalari asosida nazariy tayyorgarlikning huquqni qo‘llash amaliyoti bilan uzviy bog‘liqligini, shu jumladan, masofaviy ta’lim shaklida ta’minlashga qaratilgan o‘quv jarayonini tashkil etish.
Prokuratura organlari xodimlarida bilim va ko‘nikmalarni, shu jumladan, tizimli tahlil va tanqidiy fikrlashni, qonuniylikni ta’minlash yuzasidan adolat va mas’uliyat kabi yuksak tuyg‘ularni shakllantirish va mustahkamlashga qaratilgan tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishning yaxlit tizimini tashkil etish.
Yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, huquqni muhofaza qilish faoliyatining eng dolzarb masalalari bo‘yicha kompleks ilmiy tadqiqotlarni tizimli asosda, shu jumladan, milliy va xalqaro grantlarni jalb etgan holda amalga oshirish.
Jinoyatlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini, shu jumladan, tergovga qadar tekshiruv hujjatlari va jinoyat ishlarini o‘rganish asosida ularning alohida turlari kesimida tahlil va diagnostika qilish, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini uslubiy va konsultativ ta’minlash.
Hozirgi vaqtda Akademiya faoliyatiga vaqtinchalik asosda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limiga tyutor mutaxassissi jalb qilish zarurati mavjud. Mutaxassis tomonidan taqdim etilgan hujjatlar ma’qullangan taqdirda, u bilan Akademiya o‘rtasida ikki tomonlama fuqarolik huquqiy shartnoma imzolanadi. Muqaddam Huquqni muhofaza qilish Akademiyasida ishlagan tyutorlarga shartnoma tuzishda ustunlik berilishi mumkin.
Tyutor quyidagi majburiyatlarni bajaradi:
Ta’lim oluvchilarning ma’naviy, axloqiy va kasbiy tarbiyasi bilan muntazam shug‘ullanish.
O‘z mahorati, kasbiy tayyorgarligi, nazariy bilim va ish tajribasini doimiy ravishda oshirib borish.
Ta’lim oluvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini, obro‘sini hurmat qilish.
Ta’lim oluvchilarning psixologik va o‘ziga xos xususiyatlarini, jismoniy va ruhiy salomatligini, fiziologik rivojlanishini hisobga olish, jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan shaxslarni o‘qitish uchun shart-sharoitlar yaratilishiga e’tibor qaratish.
Tyutorlik guruhlaridagi ta’lim oluvchilarning ma’lumotlar bazasini yaratish va Bakalavriat fakultetiga taqdim etish.
Ta’lim oluvchilar haqidagi shaxsiy ma’lumotlarni ularning roziligisiz oshkor qilmaslik, uchinchi tarafga bermaslik.
Ta’lim oluvchilarning o‘quv, ma’naviy va ilmiy faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoring qilib borish.
Ta’lim oluvchilarning o‘zlashtirishi va darslarda ishtirok etishi va saf maydonida saflanishlarini muntazam nazorat qilib borish hamda tahlil etish.
Yotoqxonada, ijara, yaqin qarindoshi va o‘z uyida yashovchi ta’lim oluvchilarning yashash manzillariga muntazam (har ikki oyda kamida bir marotaba) borib, u yerdagi sharoitlarni o‘rganib borish va ularni yaxshilash choralarini ko‘rish.
O‘ziga biriktirilgan guruhlardagi ta’lim oluvchilar (guruhlarda va yakka tartibda, guruhlarda har haftada kamida bir marta) bilan reja-jadval asosida ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishlarda (har bir ta’lim oluvchi bilan oyiga kamida ikki marotaba) suhbatlar o‘tkazib borish, ta’lim oluvchilarning ota-onalari bilan muntazam ravishda muloqotlar tashkil etish.
Guruhlarda dars jadvali asosida har haftada bir marta “Axborot va murabbiylik soati”, “Soft skills” treninglari o‘tilishini tashkil etish hamda uning samaradorligini ta’minlash.
Tyutorlik guruhlaridagi ta’lim oluvchilarning individual yig‘ma jildini (portfoliosi) shakllantirish va yuritish, “Tyutorlik soatlari” darsi va ish rejasidagi tadbirlarni qayd qilish jurnalini yuritib borish.
Ta’lim oluvchilarning odobi, xulqi, Ichki tartib qoidalarga rioya etishi yuzasidan ota-onalar bilan muntazam uchrashib tegishli ma’lumotlarni yetkazish.
Ta’lim oluvchilar va ularning ota-onalarini yoki boshqa qonuniy vakillarini Ichki tartib qoidalari, Akdemiya Yotoqxonasi ichki tartib qoidalari va ta’lim faoliyatini tartibga soluvchi boshqa normativ hujjatlar bilan tanishtirish.
Ta’lim oluvchilar bilan bog‘liq favqulodda muammoli vaziyatlar yuzasidan zudlik bilan Akademiya rahbariyatiga axborot berish.
Ta’lim oluvchilar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning hamda diniy ekstremizmning oldini olish bo‘yicha soha mutaxassislari ishtirokida muntazam tushuntirish ishlarini olib borish.
Alkogol, tamaki va psixotrop vositalar iste’mol qilishning zararli oqibatlari xususida doimiy profilaktik ishlarni tashkil etish.
Moddiy yordamga muhtoj ta’lim oluvchilarni aniqlash, ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Rahbariyatga taklif kiritish.
Ta’lim oluvchilarning Ichki tartib qoidalari va boshqa ichki (lokal) hujjatlarda belgilangan talablarga mos ravishda bo‘lishlarini nazorat qilish va ushbu hujjatlarni buzgan ta’lim oluvchilarga tegishli choralar ko‘rish yuzasidan Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limiga bildirgi kiritish.
O‘zi mas’ul etib belgilangan ta’lim oluvchilar klubi va to‘garaklar ishini tashkil etish, ularga ta’lim oluvchilar a’zoligini maksimal darajada ta’minlash va ta’lim oluvchilarning ushbu to‘garaklar faoliyatidagi ishtiroki monitoringini yuritish.
Tyutor o‘z faoliyatida amaldagi qonun hujjatlari, Akademiya lokal hujjatlari hamda ushbu shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajaradi.
Nomzodga qo‘yiladigan talablar:
Tyutorlar oliy ma’lumotga ega bo‘lishi (ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega shaxslarga afzalliklar beriladi).
25 yoshdan kichik, 55 yoshdan (ayollar uchun 50 yosh) katta bo‘lmasligi.
pedagogik va psixologik, o‘quv-tarbiyaviy, o‘quv-uslubiy, ta’lim tizimida boshqaruv faoliyati bilan shug‘ullangan, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda 2-yildan kam bo‘lmagan mehnat stajiga ega bo‘lishi.
qonunchilik hujjatlariga muvofiq ta’lim berish huquqidan mahrum etilmagan bo‘lishi.
namunaviy shaxsiy fazilatlarga - intellekt, madaniyatli, ijodiy, xushmuomalalik, vatanparvarlik va tashabbuskorlik qobiliyatlariga ega bo‘lishi, mas’uliyat hissi, mustaqil ish tutish xususiyatlariga ega bo‘lishi zarur.
Tyutorlikka ishga qabul qilish Akademiya ichki lokal hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi va Akademiya rahbari buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
Bajariladigan ish muddati:
Mazkur ish muddati 10 oyga belgilangan bo‘lib, kelgusida zaruratga ko‘ra, fuqaro mehnat shartnomasi asosida Akademiyaga ishga qabul qilinishi mumkin.
To‘lov miqdori:
Bajarilgan ish uchun to‘lov miqdori taraflar kelishuvi bilan belgilanadi va talabgorga bajarilgan ish natijasiga ko‘ra to‘lanadi.
Talablar: tashabbuskorlik, jamoa bilan hamnafas ishlash, berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish,
Ish vaqti: Ish vaqti 40 soatlik, haftasiga 5 kunlik ish rejimini tashkil etadi.
Talabgor Akademiya Kadrlar bo‘limiga fuqarolik pasporti yoki ID kartasi bilan shaxsan murojaat qilib, tegishli hujjatlar (shaxsini tasdiqlovchi hujjat, obyektivka, oliy ta’lim olganlik haqida diplom va uning ilovasi, mehnat daftarchasi nusxasi, STIR ma’lumotnomasini taqdim etishi lozim. Taqdim etilgan hujjatlar o‘rganib chiqilganidan so‘ng zaruratga ko‘ra talabgor bilan komissiya tarkibida suhbat o‘tkaziladi.
Hujjatlarni topshirish muddati 10.09.2025-yilga qadar.