Bosh prokuratura Akademiyasida “Tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to'g'risida”gi Qonun loyihasi muhokamasi o'tkazildi. Tadbirda ikki yuzdan ortiq biznes hamjamiyat, xalqaro kompaniyalar, assotsiatsiyalar vakillari, shuningdek deputatlar, prokuratura va davlat soliq xizmati xodimlari ishtirok etdi.
Qonun loyihasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyuldagi “Tadbirkorlik subektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasini ishlab chiqishdan maqsad tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishning asosiy tamoyillari, asoslari va amalga oshirish tartibini mustahkamlashdan iborat.
Tadbirda Bosh prokuratura xodimlari tomonidan Qonun loyihasining “xavfni tahlil etish” tizimini joriy etish orqali davlat nazoratini amalga oshirishning zamonaviy usullarini nazarda tutuvchi normalari atroflicha tushuntirildi, tadbirkorlik sub'ektlarining huquq va majburiyatlariga oid masalalar ko'rib chiqildi, tekshiruvdan keyingi tahlil tizimiga baho berildi, shuningdek, nazorat qiluvchi organlar faoliyati samaradorligini baholashning mezonlari tushuntirildi.
Tadbir davomida Tekshiruvlarni elektron ro'yxatga olish yagona tizimi (TEROYAT)ning taqdimoti ham o'tkazildi. Tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o'tkaziladigan barcha tekshiruvlar TEROYATda ro'yxatga olinishi shart bo'lib, o'tkazilgan tekshiruvlarning natijalari nazorat qiluvchi organlar tomonidan TEROYATga kiritiladi. Bunda tadbir ishtirokchilariga tizimda ro'yxatga olinmagan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanishi, tadbirkorlik sub'ektlariga o'tkazilayotgan tekshiruv haqidagi axborotni qisqa xabar (SMS) ko'rinishida hamda real vaqt rejimida Internet tarmog'i orqali olish imkoniyati berilganligi tushuntirildi.
Tadbir davomida Qonun loyihasi ishtirokchilar tomonidan qizg'in muhokama qilindi hamda uni yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli takliflar berildi.
Shuni qayd etish lozimki, Qonun loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga (regulation.gov.uz) jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan, loyiha bo'yicha taklif va mulohazalar 2018 yil 28 dekabrgacha bo'lgan muddatda qabul qilinadi.