Joriy yilning 25-26 dekabr kunlari O'zbekiston Respublika Bosh prokuraturasi Akademiyasida BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda respublikaning jinoyat, jinoyat-protsessual va jinoyat-ijroiya qonunchiliklarini takomillashtirish kontseptsiyalarini amalga oshirish masalalariga bag'ishlangan xalqaro davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir 2017-2019 yillarda O'zbekiston Respublikasi va BMT NJB o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo'yicha Yo'l xaritasiga muvofiq o'tkazildi.
Xorijiy ekspertlar ishtirokidagi davra suhbati jinoyat, jinoyat-protsessual va jinoyat-ijroiya qonunchiliklari loyihalarini ishlab chiqish bo'yicha ishchi guruh a'zolari, ya'ni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Sudyalar oliy kengashi, Konstitutsiyaviy va Oliy sud sudyalari, Bosh prokuratura, vazirlik va idoralar xodimlari, Advokatlar palatasi va ilmiy doira vakillari uchun tashkil etildi.
Ekspertlar sifatida Kemerovo davlat universiteti (Rossiya) professori, yu.f.d. Maksim Geta va jinoyat ishlari bo'yicha odil sudlov sohasidagi xalqaro ekspert Dmitriy Nurumov (Qozog'iston) so'zga chiqishdi. Shuningdek, videokonferensaloqa orqali “Kiev-Mogilyan akademiyasi” Milliy universiteti (Ukraina) kafedrasi professori, yu.f.d. Nikolay Xavronyuk hamda Qozog'iston menedjment, iqtisodiyot va huquq institutining huquq fanlari bo'yicha falsafa doktori Sergey Sayapin o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Ishtirokchilar jinoiy huquqbuzarliklarni klassifikatsiya qilish, ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi qonunchilikni isloh qilish, jazo va uni tayinlash tizimini takomillashtirish, takroran jinoyatlar sodir etilishini oldini olishga qaratilgan institutlar va normalarni joriy etish masalalarida boshqa davlatlar tajribasini, jinoyat qonunchiligini isloh etish masalalarini muhokama qildilar.
Davra suhbatining ikkinchi kunida jinoiy adliyaning protsessual tomonlari, jinoyat protsessini raqamlashtirish, jazolarni ijro etish, probatsiya institutini joriy etish bilan bog'liq, tergov organlari va penitentsiar muassasalarning ta'sir doirasiga tushib qolgan shaxslar huquqlarini himoyasini ta'minlashga qaratilgan masalalar muhokama qilindi.
Uchchala kodekslarni takomillashtirish bo'yicha ishchi guruhlarning faoliyatini muvofiqlashtirish hamda moddiy va protsessual normalarning o'zaro bog'liqligini ta'minlash nuqtai nazaridan o'tkazilgan tadbirning ahamiyati alohida qayd etildi.
Xorijiy ekspertlar va ishchi guruhlar a'zolari davra suhbati tematikasining turli xil jihatlari yuzasidan fikr almashdilar.