Jinoyat foyda keltirmasligi lozim

Jinoyat foyda keltirmasligi lozim


Jinoyatchilikka, shu jumladan, uning uyushgan shakllariga qarshi kurashishda jinoyatchilarni noqonuniy yo‘llar bilan orttirilgan va legallashtirilgan daromadlardan mahrum qilish ilg‘or xorijiy amaliyotda samarali vosita hisoblanadi.

Shu munosabat bilan, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan tizimli ravishda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash milliy tizimi salohiyatini oshirish, bu toifadagi jinoyat ishlari bo‘yicha tezkor-qidiruv organlari xodimlari, tergovchilar, nazorat qiluvchi prokurorlar va sudyalarning makalasini oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazib kelinadi.

Bunday tadbirlardan biri, Akademiyada o‘tkazilgan «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish jinoyatini isbotlashda moliyaviy tergov, tezkor-qidiruv faoliyat va tergov harakatlari» mavzusidagi uch kunlik simulyatsion trening bo‘ldi.

Trening Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, BMT Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi mintaqaviy vakolatxonasi hamda Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.

Unda sud, prokuratura, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va bojxona organlari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yil 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan, davlat va jamiyat xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid qilayotgan uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha ta’sirchan choralarni belgilash yuzasidan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar bilan o‘zaro uyg‘un holda tashkil etilgani alohida e’tiborga molik.

Bu borada tadbir tashkilotchilari bo‘lgan xalqaro hamkorlar mazkur videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan aholi turmush darajasi va daromadlari oshib borishi bilan jinoiy tuzilmalar faollashib, «oson pul» orttirishga intiluvchi kuchlar paydo bo‘layotgani, jinoyatlarning yangi shakl va usullari esa aynan shunday sharoitlarda shakllanayotgani alohida ta’kidlab o‘tilganini qayd etdilar.

Shuningdek, davlat rahbari giyohvandlik jinoyatchiligi va uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi kurashishda mas’ul organlar faoliyatida qat’iyat yetarli emasligini tanqid qilgani, narkotrafiklarni aniqlash ishlarini ularning pirovard manbalari va moliyalashtiruvchilarigacha yetkazish zarurligini alohida ta’kidlagani eslatib o‘tildi. Bundan tashqari, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasi, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish kabi ustuvor yo‘nalishlarda qat’iy va tizimli nazorat o‘rnatish muhimligiga e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.

Akademiya boshlig‘ining o‘rinbosari U.U. Nigmadjanov, shu jumladan quyidagilarni ta’kidladi: “Prezidentimiz ko‘rsatmalari asosida huquqni muhofaza qilish tizimini zamonaviy tahdidlarni barvaqt aniqlash va oldini olish, ayniqsa jinoyatchilikning moliyaviy yo‘nalishlarini chuqur tahlil qilish, transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan dolzarb vazifalar belgilandi. Bundan kelib chiqib, amaliyotchi xodimlarni zamonaviy vositalar va ko‘nikmalar bilan ta’minlash, milliy jinoyat-huquqiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida «jinoyat foyda keltirmasligi lozim» (crime should not pay) hamda jinoyatdan olingan mablag‘lar harakatini aniqlash va ularni musodara qilishga qaratilgan “follow the money” (pul orqasidan quvish) tamoyillarini amalga oshirishni belgilash, shunga mos ravishda, ushbu sohada huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ko‘rish zarur.

Shu doirada trening dasturida moliyaviy oqimlar tahliliga urg‘u berish, jinoyatdan olingan daromadlarni aniqlash orqali jinoyatchilikning iqtisodiy asoslarini ochib berish masalalari o‘z o‘rin olgan.

BMT, britaniyalik va milliy ekspertlar tomonidan moliyaviy razvedka va tergov organlari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jinoiy aktivlarni qidirish, muzlatish va qaytarish mexanizmlarini takomillashtirish, kiberjinoyatchilik va virtual muhitda sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi ixtisoslashgan yondashuvlarni joriy etish, norasmiy pul o‘tkazmalari (xavala) va kriptovalyuta orqali amalga oshirilayotgan jinoiy faoliyatni aniqlash va cheklash, shuningdek aholining huquqiy savodxonligini oshirish orqali firibgarlik sxemalaridan xabardorlikni kuchaytirish jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar amaliy misollar asosida jinoyatchilikni moliyaviy-iqtisodiy jihatdan tahlil qilish, dalillar bazasini shakllantirish hamda ularni sudda ishonchli tarzda tasdiqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamladilar.