Akademiya izchil ravishda yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni shakllantirish, faol fuqarolik pozitsiyasini rivojlantirish hamda sog‘lom turmush tarzi qadriyatlarini targ‘ib etishga qaratilgan kompleks tashabbuslarni amalga oshirmoqda.
Dam olish kunlari Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabalari tashabbusi bilan «Academic Plogging» jamoasi tomonidan Yunusobod tumanida navbatdagi plogging ekologik aksiyasi o‘tkazildi.
Mazkur tadbir atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik madaniyatni yuksaltirish, yoshlar o‘rtasida faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, shuningdek sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratildi. Plogging formati jismoniy faollik va jamoat manfaatiga xizmat qiluvchi faoliyat uyg‘unligini ta’minladi.
Ishtirokchilar 3,75 kilometr masofani bosib o‘tib, yo‘nalish bo‘ylab hududlarni maishiy chiqindilardan tozalash ishlarini amalga oshirdilar. Aksiyada Akademiya xodimlari va talabalari, boshqa oliy ta’lim muassasalari vakillari hamda faol fuqarolar ishtirok etdilar. Jami 60 nafardan ziyod volontyorlar tomonidan 100 dan ortiq chiqindi qoplari, jumladan plastik mahsulotlar yig‘ib olindi.
O‘tkazilgan aksiya atrof-muhitga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirish, jamoat hududlariga ehtiyotkorona munosabat madaniyatini rivojlantirish hamda jamoaviy tashabbus va hamkorlik ko‘nikmalarini mustahkamlashda ijobiy natijalarni namoyon etdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga Akademiya rahbariyati tomonidan tayyorlangan esdalik sovg‘alari topshirildi.
«Academic Plogging» jamoasi bundan buyon ham shunday tashabbuslarni tizimli ravishda amalga oshirish, atrof-muhitga mas’uliyatli munosabat madaniyatini shakllantirish va fuqarolarni uni asrashga faol jalb etishni maqsad qilgan.