“TASHKENT CYBERLEX–2026” xalqaro ilmiy-amaliy forumi doirasida tashkil etilgan ikkinchi parallel sessiya raqamli kriminalistikaning zamonaviy usul va vositalari hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashning dolzarb masalalariga bag‘ishlandi.
“e-Crime: raqamli kriminalistikaning zamonaviy usullari va vositalari” mavzusida o‘tkazilgan sessiya raqamli muhitda sodir etilayotgan jinoyatlarni fosh etish, raqamli dalillar bilan ishlash va xalqaro huquqiy hamkorlikning zamonaviy mexanizmlarini muhokama qilishga qaratilgan nufuzli ekspert muloqot maydoniga aylandi.
Sessiya ishida INTERPOL, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, BMTning Kiberjinoyatchilikka qarshi mintaqaviy markazi, Yevropa kiberta’lim va ta’lim tarmog‘i (ECTEG), Koreya Respublikasi, Niderlandiya, Moldova, Qozog‘iston hamda O‘zbekistonning huquqni muhofaza qilish va sud-ekspert muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Muhokamalar markazida raqamli kriminalistikaning institutsional asoslari, Darknet muhitida raqamli izlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish, texnologik o‘g‘irliklar va moliyaviy jinoyatlarni fosh etish, elektron o‘quv platformalari orqali kibertergovchilarni tayyorlash, INTERPOL bildirishnomalari va sirkulyarlarining kiberjinoyatlarni ochish amaliyotidagi o‘rni, shuningdek huquqni muhofaza qilish tizimida yangi texnologiyalardan foydalanishning siyosiy va huquqiy oqibatlari kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Ekspretlar ta’kidlaganidek, raqamli kriminalistika bugun jinoyatlarni fosh etishning alohida instrumenti emas, balki huquqni muhofaza qilish tizimi transformatsiyasining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Sessiya doirasida Koreya Respublikasi Milliy politsiya agentligi huzuridagi Raqamli kriminalistika assotsiatsiyasi direktori Sun Ki Bom, INTERPOL Ijroiya direksiyasining huquqiy masalalar bo‘yicha mutaxassislari Umit Seytjan va Murad Bayramli, YEXHT Kotibiyati eksperti Sasha Shtrupp, BMTning Doxadagi kiberjinoyatchilikka qarshi mintaqaviy markazi eksperti Metyu Devid Uotson hamda boshqa xalqaro mutaxassislar raqamli tergovlar va kiberjinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalarni taqdim etdilar.
Shuningdek, O‘zbekiston va xorijiy ekspertlar tomonidan kiberjinoyatchilikka qarshi huquqiy siyosat, “E-ekspertiza” elektron hujjat aylanishi tizimi, raqamli moliyaviy firibgarlikka qarshi kurash hamda yuqori texnologiyalarga asoslangan sud ekspertizasini rivojlantirishga oid amaliy yondashuvlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, raqamli texnologiyalar taraqqiyoti kiberjinoyatchilik shakllarini ham murakkablashtirmoqda. Shu bois, raqamli dalillar bilan ishlashning ishonchli mexanizmlarini shakllantirish, ekspert kadrlarni tayyorlash va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Ikkinchi parallel sessiya “TASHKENT CYBERLEX – 2026” forumining eng amaliy va xalqaro hamkorlikka yo‘naltirilgan muhokama maydonlaridan biri sifatida kiberjinoyatchilikka qarshi kurash sohasida ilg‘or tajriba, innovatsion texnologiyalar va huquqiy yondashuvlarni birlashtirdi.