Jinoyatlarni oldini olish tizimini takomillashtirish: Akademiya va BMT GJBning hamkorlikdagi sa'y-harakatlari

Jinoyatlarni oldini olish tizimini takomillashtirish: Akademiya va BMT GJBning hamkorlikdagi sa'y-harakatlari

Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan jinoyatchilik sabablarini tizimli tahlil qilishning sifati hamda jamoat xavfsizligining samaradorligini oshirish maqsadida 2019 yil 1 fevral kuni BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo'yicha hududiy boshqarmasi xalqaro ekspertlari ishtirokida bir qator tadbirlar o'tkazildi.

Xususan, Bosh prokuraturasi Akademiyasining Jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish va o'rganish markazi, ichki ishlar, xalq ta'limi, jismoniy tarbiya va sport vazirliklari vakillari, Toshkent shahar hududiy prokuratura xodimlari, IIV Akademiyasi va IIV Malaka oshirish institutining professor-o'qituvchilari uchun “Jamoat xavfsizligi va jinoyatchilikni oldini olish sohasida halqaro standartlar va ilg'or tajriba” mavzusidagi davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda BMT GJBning mintaqaviy vakili Ashita Mittal, O'rta Osiyoda jinoiy odil sudlov bo'yicha BMT GJBning dasturi koordinatori Kun Markvering ishtirok etishdi. Xalqaro ekspertlar sifatida Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo'yicha Venadagi BMT GJB xodimi Yoxannes De Xaan hamda “Grajdanskiy Soyuz” ijtimoiy uyushmasi (Qirg'iziston) raisdoshi Timur Shayxutdinovlar qatnashishdi.

Davra suhbati ishtirokchilari O'zbekiston Respublikasida jinoyatlarning oldini olish tizimini takomillashtirishdagi chora-tadbirlar bilan tanishib, jamoat xavfsizligini ta'minlashda xalqaro hamda qirg'iziston tajribasini ko'rib chiqishdi.

Kunning ikkinchi yarmida Yoxannes De Xaan va BMT GJBning mintaqaviy vakolatxonasi xodimlari Toshkent shahar Chilonzor tumanining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi faoliyat bilan tanishishdi.

Tumanda jinoyatchilik sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish ekspert-tahlil guruhi a'zolari bilan o'tkazilgan uchrashuv chog'ida, sohadagi “Yo'l xaritasi”ni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. BMT GJB vakillari sohaga axborot texnologiyalarini faol tadbiq etish va jamoatchilikni jalb qilish borasidagi amaliy chora-tadbirlarning zamonaviy talablarga to'liq javob berishini ta'kidlab o'tishdi.

Tashrifdan so'ng Bosh prokuratura Akademiyasida ishchi uchrashuvi tashkillashtirilib, tomonlar jinoyatlarning oldini olish tizimini ilg'or xalqaro tajriba asosida rivojlantirish maqsadida hamkorlikda loyiha ishlab chiqish va amalga oshirish masalarini muhokama qilishdi.