Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatida jamoat xavfsizligini ta'minlash faoliyati o'rganib chiqildi

Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatida jamoat xavfsizligini ta'minlash faoliyati o'rganib chiqildi

Bosh prokuratura Akademiyasi xodimlari tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 dekabrdagi «Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi PQ–4075-sonli Qarori hamda 2018 yil 31 oktyabrdagi «Jinoiy-huquqiy statistika tizimini tubdan takomillashtirish va jinoyatlarni tizimli tahlil qilish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi PF–5566-sonli Farmonining ijrosi hamda hududlarda jamoat xavfsizligini ta'minlash faoliyati amaliy yordam ko'rsatish yo'li bilan o'rganib chiqildi.

Bir necha kun mobaynida hududiy prokuratura organlari, profilaktika inspektorlari hamda ichki ishlar organlarining boshqa mas'ul xodimlari ishtirokida o'tkazilgan uchrashuvlar jarayonida, huquqbuzarliklar profilaktikasiga mas'ul idoralar tomonidan tahlillar mahallalar kesimida o'tkazilib, sohaviy faoliyatni tashkillashtirishning yangicha tartibiga o'tish muhimligi ta'kidlandi.

Shuningdek, amaliyotda profilaktika inspektorlarining asosiy vazifalari, funksiyalari va mas'uliyat doirasini aniq belgilab olish, ularning vazifalari ko'lamiga tegishli bo'lmagan ishlarni yuklashga yo'l qo'ymaslik, profilaktik ishlarni aholi, fuqarolarning o'zini-o'zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yaqin hamkorlikda tashkillashtirishga alohida e'tibor qaratildi.

Bundan tashqari, o'tkazilgan tadbirlarda tuman (shahar) prokurorlari rahbarligida jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan, jinoyatchilik sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qiluvchi ekspert-tahlil guruhlarining faoliyatini tashkillashtirish tartibi tushintirildi. Shu bilan birga, ekspert-tahlil guruhlarning tadbirlar dasturiga jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish hamda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo'yicha manzilli takliflarni ishlab chiqish va amalga oshirilishi muhimligi ko'rsatib o'tildi.