Bosh prokuratura Akademiyasi Amerika Qo'shma Shtatlarida Sud-huquq soxasida o'qitish va tayyorlash bo'yicha stipendiya dasturida (IJET) ishtirok etish huquqini beruvchi xalqaro tanlovda g'olib chiqdi.
IJET dasturi AQSH Davlat Departamentining Jinoyat ishlari bo'yicha yordam ko'rsatish va hamkorlik boshqarmasi (INL/CAP) tomonidan muvofiqlashtiriladigan, Amerika Yuristlar Assotsiatsiyasining qonun ustuvorligi tashabbusi (ABA/ROLI) bilan amalga oshiriladigan ikki bosqichli dastur hisoblanadi.
Dasturning birinchi bosqichi ilmiy tadqiqotlar, AQShga tashrif buyurish, huquq va tartibotni ta'minlash sohasidagi faoliyat bilan tanishish hamda islohotlarning loyiha-rejasini ishlab chiqishni o'z ichiga oladi.
Ikkinchi bosqich AQShlik ekspertlar guruhining Akademiya vakillari tomonidan ishlab chiqilgan “O'zbekistonda profilaktika va jinoyatchilikni oldini olish sohasidagi mexanizmlarni takomillashtirish” dastur loyihasiga texnik ko'mak ko'rsatish maqsadida O'zbekistonga tashrif buyurishidan iborat.
Dasturning birinchi bosqichi bo'yicha Akademiya xodimlari Amerika Qo'shma Shtatlarida bir oylik o'qishni muvaffaqiyatli yakunladilar. Tashrif chog'ida sud, prokuratura, huquqni muxofaza qilish organlari, probatsiya muassasalari, jamoat tashkilotlari xodimlari va yuridik kadrlarni tayyorlash muassasalari ishtirokida davra suhbatlari, seminar-treninglar va ishchi uchrashuvlar tashkil etildi.
Trening ishtirokchilari AQShning jamoat tartibi va xavfsizligini ta'minlashga yo'naltirilgan sud-huquq sohasini isloh qilish bo'yicha milliy dasturlar va tashabbuslarning mazmuni, jinoyat protsessining barcha bosqichlarida adolatni qaror toptirish uchun muqobil choralarni joriy qilish, ixtisoslashtirilgan sudlarni tashkil etish, voyaga yetmaganlarlar uchun qayta tiklanuvchi adolat (restorative justice) tamoyillari bilan tanishdilar.
Trening dasturining natijalari bo'yicha jinoyatlar sodir etilishini erta oldini olishning innovatsion mexanizmlarini joriy qilish orqali jinoyatchilikka qarshi kurash tizimini takomillashtirish, hodisalarni hisobga olish va kuzatib borish uchun yagona integratsiyalashgan axborot tizimini joriy qilish, aholini faol jalb qilish va xabardor qilish, jinoyatchilikning oldini olishda ishtirok etuvchi shaxslarning saloxiyatini oshirish kabi takliflar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, Akademiya bilan AQShning sud-huquq va kasbiy tayyorlov institutlari o'rtasida Toshkent shahrining Chilonzor va Shayxontohur tumanlarida, Xorazm viloyatida, Qoraqalpog'iston Respublikasida jinoyatlarni oldini olish bo'yicha namunaviy loyixalar doirasida qonunchilikni takomillashtirish sohasida hamda ishlab chiqilgan takliflarni amalga oshirish, shuningdek ilmiy va o'quv-uslubiy ishlarni olib borish bo'yicha hamkorlik imkoniyatlari to'g'risida kelishuvlarga erishildi.
Loyihani amalga oshirilishi davom etmoqda.