O'zbekiston Respublikasi jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish Kontsepsiyasida keltirilgan ustuvor vazifalar doirasida joriy yilning 18-19 aprel` kunlari Toshkent shahrining “Poytaxt” biznes-markazida Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslarining yangi tahrirdagi loyihasi yo'nalishlari muhokamasiga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi.
Tadbir BMTning Markaziy Osiyo bo'yicha giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining mintaqaviy vakolatxonasi va “Mintaqaviy muloqot” XNNT bilan hamkorlikda Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan tashkillashtirildi.
Davra suhbatida parlament a'zolari, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, aloqador vazirlik va idoralar xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, shuningdek O'zbekiston Respublikasi jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo'yicha ishchi guruhlar a'zolari ishtirok etdilar.
Ekspert ko'magi bevosita Sloveniya, Ukraina, Qozog'iston va Qirg'iziston davlatlari, shuningdek BMT NJBning xalqaro mutaxassislar ishtirokida amalga oshirildi.
Tadbirni BMTning NJB mintaqaviy vakili Ashita Mittal ochib, Davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan jinoyat va jinoyat-qonunchiligini takomillashtirish Konsepsiyasidagi vazifalarning dolzarbligini ta'kidlab o'tdi.
Tadbirning birinchi kuni O'zbekiston Respublikasi jinoyat qonunchiligidagi qilmishni jinoyat yoki nojo'ya hatti-harakat (prostupok) sifatida tasniflash va bir-biridan farqli belgilariga, jazo choralarining turlari va ularni qo'llashdagi chegaralarni qisqartirish, shuningdek jinoyatda ishtirokchilik va probatsiya masalalariga bag'ishlandi.
Davra suhbatining ikkinchi kunida protsessual kelishuvning o'ziga xos xususiyatlari (aybga iqror bo'lish haqida kelishuv va hamkorlik), dalillarni to'plashda himoyachining vakolatlarini kengaytirish va mustahkamlash, odil sudlovni amalga oshirishda taraflar tortishuvida sudlarning rolini mustahkamlash, sud nazorati instituti, sud qarorlarini qayta ko'rib chiqish masalalariga bag'ishlandi.