O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tashkil etilganligining bir yilligiga bag'ishlangan tadbirlar

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tashkil etilganligining bir yilligiga bag'ishlangan tadbirlar

Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yangi ustuvor yo'nalishlari va qonun ustuvorligini ta'minlashdagi vazifalar huquqni muhofaza qilish sohasidagi kadrlarning salohiyatini eng yaxshi, zamonaviy innovatsion yondashuv va amaliyot asosida yanada rivojlantirilishini talab qiladi.

Fan va ta'lim sohasida innovatsion yondashuvlarni joriy qilish, o'zaro tajriba almashish va huquqni muhofaza qilish sohasi mutaxassislarini tayyorlash tizimini takomillashtirish bo'yicha takliflarni ishlab chiqish, ilmiy yutuqlar ahamiyati va natijalarini muhokama qilish platformasini yaratish maqsadida joriy yilning 16-17 may kunlari Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan «Huquqni muhofaza qilish sohasida ilmiy va ta'lim salohiyatini oshirish: zamonaviy tendentsiyalar va istiqbollar» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya tashkil etildi.

Tadbir, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi PF-5438-son Farmoniga muvofiq Bosh prokuratura Akademiyasi tashkil etilganining bir yilligiga va shu davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag'ishlangan bo'lib, BMT TD, YEXHTning O'zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, «Mintaqaviy dialog» XNNT va boshqa tashkilotlar ko'magida o'tkazildi.

Konferensiya ishi yalpi va tematik bo'limlar shaklida tashkil etilib, ularda intellektual kapital va texnologiyalarni birlashtirish borasidagi hamkorlik, yuridik kadrlarni tayyorlash jarayonida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, korrupsiyaga qarshi kurash va jinoyatchilikning oldini olish sohasidagi ilmiy-ta'lim faoliyati hamda ta'lim jarayoni sifatini boshqarish masalalari muhoqama qilindi.

Tadbirda 21 davlat va 11 xalqaro tashkilotlarning ilm-fan va ta'lim sohasida faoliyat yuritayotgan 50 dan ziyod chet ellik ekspertlari, shuningdek amaliyotchi mutaxassislari ishtirok etishdi.

Xususan, konferensiyada AQShning Federal tergov byurosi Akademiyasi, Avstriya Adliya vazirligining Sudyalar va prokurorlarni tayyorlash va o'qitish departamenti, Koreya Respublikasining Adliya instituti, Koreya qonunchilik tadqiqoti instituti, Malayziya korrupsiyaga qarshi kurash akademiyasi, Korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro akademiyasi, Belarus Bosh prokuraturasining Qonuniylik va huquq-tartibotni kuchaytirish muammolari ilmiy-amaliy markazi, Ozarbayjon Bosh prokuraturasining Ilmiy-o'quv markazi, Ukraina Bosh prokuraturasining Milliy akademiyasi, Moldovaning korrupsiyaga qarshi kurashish milliy markazi, Rossiya Bosh prokuraturasi universiteti, AQSH Federal sud markazi, Fransiya Magistratura milliy maktabi, Qirg'iziston Respublikasi Bosh prokuraturasining Prokuror xodimlarini kasbiy tayyorlash markazi, shuningdek Boston huquq maktabi, M.Lomonosov nomidagi MDU, Kil universiteti (GFR), Kembridj, Lund (Shvetsiya), Nagoya, Xelsinki universitetlari, XXvaDBRAning Sibir boshqaruv instituti hamda boshqa xorijiy muassasa va tashkilotlarning rahbarlari va mas'ul xodimlari qatnashishdi.

Shuningdek, tadbirda BMT organ va agentliklari, YEXHT, YEI delegatsiyasi, Germaniyaning Xalqaro huquqiy hamkorlik fondi (IRZ), «Mintaqaviy dialog» XNNT, O'zbekistondagi TICA vakilligi, elchixonalar va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

To'rtta tematik bo'limda olib borilgan muhokamalar natijalariga ko'ra, huquqni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy va ta'lim salohiyatini oshirish, idoralararo va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan konferensiyaning amaliy tavsiyalari qabul qilindi.

Konferensiya tadbirlari doirasida Germaniyaning Xalqaro huquqiy hamkorlik fondi (IRZ) ko'magida jinoyat va jinoiy-protsessual qonunchiligi sohasi bo'yicha GFRdan tashrif buyurgan ekspertlar ishtirokida O'zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodeksi loyihalari qoidalarini muhokama qilishga qaratilgan davra suhbati o'tkazildi.

Anjuman dasturiga muvofiq, amaliy mashg'ulot va masofaviy ta'lim uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan Bosh prokuratura Akademiyasi yangi binosining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

Ikki tomonlama uchrashuvlar yakunida Xalqaro (IACA) va Malayziya (MASA) korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyalari, Turkiya Adliya akademiyasi, Ukraina Bosh prokuraturasining Milliy akademiyasi, Qirg'iziston Respublikasi Bosh prokuraturasining Prokuror xodimlarini kasbiy tayyorlash markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish to'g'risidagi kelishuvlarga erishildi.

Kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot faoliyati sohasidagi xorijiy va milliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik to'g'risidagi memorandumlar, ahdlashuv bayonnomalari va boshqa hujjatlarni imzolash marosimi bo'lib o'tdi.

Xususan, sud va huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida idoralararo ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va ularni  muvofiqlashtirish maqsadida Bosh prokuratura Akademiyasi, TDYU, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, IIV Akademiyasi, Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti, DXX instituti, DBQning Bojxona instituti, Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi va DSQ huzuridagi Malaka oshirish markazining Qo'shma qarori imzolandi.

Mazkur hujjat bilan sud va huquqni muhofaza qilish sohalarida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va natijalarini amaliyotga tadbiq etishni ta'minlashga yo'naltirilgan Ilmiy-tadqiqot konsorsiumi tashkil etildi.

Shu bilan birga, Akademiyaning Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti va DBQning Bojxona instituti bilan hamkorlik memorandumi tuzildi.