Bo'lajak prokurorlar klubi a'zolari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Bo'lajak prokurorlar klubi a'zolari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Joriy yilning 3 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida Bosh prokuratura Akademiyasi xodimlarining Bo'lajak prokurorlar klubi a'zolari bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi.

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, shuningdek Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o'rtasida imzolangan Memorandum doirasida asos solingan Bo'lajak prokurorlar klubi mazkur oliy o'quv yurtlari talabalariga o'qish davri mobaynida prokuratura organlarida amaliyot o'tash imkoniyatini yaratib beradi. Hozirgi kunda Klub a'zolarini 266 nafar talaba tashkil etadi.

Uchrashuv davomida Bo'lajak prokurorlar klubi a'zolari Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga qabul tartibi haqida xabardor etildi.

Ta'kidlandiki, o'qitishning amaliy xususiyatiga va prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog'liqlikka tayangan holda magistratura mutaxassisliklari bo'yicha kadrlarni tayyorlash O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF–5438-sonli Farmoni bilan O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilangan.

Akademiya magistraturasiga abiturientlarni qabul qilish 2019/2020 o'quv yilidan boshlanadi hamda teng huquqlilik, qabul va tanlovning yagona qoidalari asosida amalga oshiriladi. Magistraturaga tanlov “yurisprudentsiya” ta'lim yo'nalishi bo'yicha oliy yuridik ma'lumotga ega bo'lgan shaxslar orasida o'tkaziladi. Shuningdek, prokuratura organlarida kamida 5 yillik ish stajiga va boshqa mutaxassislik yo'nalishlari bo'yicha oliy ma'lumotga ega bo'lgan amaldagi prokuratura organlari xodimlari tanlovda ishtirok etishi mumkin.

Akademiya magistraturasiga “prokurorlik faoliyati”, “tergov faoliyati” va “korruptsiyaga qarshi kurashish” mutaxassisliklari bo'yicha 2019/2020 o'quv yiliga jami 30 ta, shu jumladan 18 ta davlat granti va 12 ta to'lov kontrakti asosida qabul kvotalari tasdiqlangan.

Kirish imtihonlari mutaxassislik fanlari va chet tilidan test sinovi, shuningdek yozma imtihon shaklida o'tkaziladi.

Bosh prokuratura Akademiyasida magistratura mutaxassislik bo'yicha ta'lim jarayoni ilg'or xorijiy tajribalarni o'rganish asosida joriy etilgan o'qitishning samarali zamonaviy pedagogik ta'lim texnologiyalarini qo'llagan tarzda amalga oshiriladi.

Akademiyada ta'lim jarayonining asosini o'qitishning zamonaviy interfaol shakl va usullari, amaliyotga yo'naltirilgan, kompetentsiyaviy yondashuv tashkil qiladi. Shuningdek, ta'lim sifatini baholash maqsadida doimiy monitoring tashkil etiladi.

Bugunga qadar Bosh prokuratura Akademiyasi 30 ga yaqin dunyoning yetakchi ta'lim muassasalari bilan hamkorlik munosabatlarini o'rnatgan bo'lib, o'quv jarayoniga Akademiya professor-o'qituvchilari bilan bir qatorda nufuzli xorijiy ta'lim muassasalaridan ekspert va professor-o'qituvchilari jalb qilinadi.

Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga abiturientlardan hujjatlarni qabul qilish muddatlari Akademiya veb-saytida (proacademy.uz) hamda ommaviy axborot vositalar orqali e'lon qilinadi.