Qonunchilikni takomillashtirish va yagona huquqni qo'llash amaliyotini shakllantirish bo'yicha ilmiy asoslangan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqish Akademiyaning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Ayni paytda Akademiyaning muhim tarkibiy bo'linmalaridan biri hisoblangan Huquqiy muammolarni ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiq qilish hamda ilmiy xodimlarni tayyorlash markazi tomonidan huquqni muhofaza qilish faoliyati yo'nalishi bo'yicha oliy malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, shuningdek ilmiy faoliyatni tashkillashtirish va muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Ma'lumki, joriy yilning 16-17 may kunlari Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan “Huquqni muhofaza qilish sohasida ilmiy va ta'lim salohiyatini oshirish: zamonaviy tendentsiyalar va istiqbollari” mavzusida xalqaro konferentsiya tashkil etildi.
O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasiga asos solinganligining bir yilligiga bag'ishlangan mazkur tadbir doirasida sud va huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida idoralararo ilmiy tadqiqotlarni o'tkazish va ularni muvofiqlashtirish maqsadida Bosh prokuratura Akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Sud`yalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti, Davlat xavfsizlik xizmati instituti, Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, Davlat bojxona qo'mitasining Bojxona instituti, Davlat soliq qo'mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Qo'shma qaror imzoladilar.
Mamlakatimiz yuridik fani tarixida ilk marotaba ushbu hujjat bilan sud va huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida ilmiy tadqiqotlarni hamkorlikda samarali amalga oshirish va ularning natijalarini huquqni qo'llash amaliyotiga keng joriy qilish, shuningdek ushbu yo'nalishdagi sa'y-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan Ilmiy-tadqiqot konsortsium tashkil etildi.
Ilmiy-tadqiqot konsortsiumining asosiy vazifasi 12.00.07 – “Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura” ixtisosligi bo'yicha fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar o'tkazish, huquqni qo'llash amaliyotining dolzarb muammolari bo'yicha idoralararo ilmiy-tadqiqotlarni tashkillashtirish, ularni muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish hisoblanadi.
Ushbu Konsortsiumning ishchi organi sifatida Bosh prokuratura Akademiyasining markazi belgilandi.
Ayni paytda “Joylarda sektorlar faoliyatini tashkillashtirishning samarali mexanizmlarini yaratish, aholi muammolarini aniqlash va hal etish, shuningdek sektor mas'ul shaxslari mas'uliyatini oshirishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish”, “Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko'rib chiqish va hal etish, fuqarolar va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari”, “Xufiyona iqtisodiyot turlarini aniqlash va ularga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini ishlab chiqish” va shu kabi boshqa dolzarb masalalar bo'yicha qo'shma tadqiqotlar to'g'risida takliflar tayyorlandi.