Joriy yilning 10-13 iyun kunlari O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda O'zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslarining dastlabki loyihalari muhokamasiga bag'ishlangan to'rt kunlik davra suhbati bo'lib o'tdi.
Tadbirda Uilfrid Lore universiteti (Kanada) professori N.Kovalev, Ukraina Fanlar akademiyasining V.M.Koretskiy nomidagi Davlat va huquq instituti katta ilmiy xodimi A.Banchuk, “Kiev-Mogilyansk Akademiyasi” Milliy universitetining (Ukraina) Huquqiy fanlar fakul`teti jinoyat va jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi professori M.Xavronyuk, BMTning bolalar fondi (YUNISEF) eksperti T.Kuchava (Gruziya), BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash sohasi (Vena) mutaxassisi K.Palikarski hamda ekspertlari B.Saparbaev va A.Asanaliev (Qirg'iziston), Xalqaro huquqiy hamkorlik bo'yicha Germaniya fondi (IRZ), BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi vakillari, “Mintaqaviy dialog” XNNT, YUNISEF vakillari, shuningdek 50 nafardan ortiq milliy ekspertlar ishtirok etdilar.
Tadbir dasturi “O'zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslarining dastlabki loyihalari muhokamasi – asosiy masalalar va kelgusi rejalar” mavzusidagi davra suhbati, O'zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslarining dastlabki loyihalarini tayyorlash bo'yicha seksiyalar ishidan iborat bo'ldi.
Davra suhbati davomida probatsiya institutini hamda yuvenal yustitsiyani joriy etish, sudga qadar ish yuritish bosqichi ustidan sud nazoratini takomillashtirish, tezkor-qidiruv faoliyatini tartibga solish, shuningdek, protsessual kelishuv turlari ularning o'ziga xos xususiyatlari, jinoyatlarni tasniflash hamda jazo tizimi, taraflarning tortishuvi prinsipini kuchaytirish va jinoyat protsessida advokatning rolini kuchaytirish masalalari ko'rib chiqildi.
Ishchi guruhlarning xorijiy mutaxassislar bilan konsul`tatsiyalar o'tkazishga yo'naltirilgan ekspertlar uchrashuvlari faoliyati tematik sektsiyalar doirasida o'tkazildi, bu esa o'z navbatida, nafaqat asosiy qonun hujjatlari loyihalari bo'yicha ekspertlar bildirgan e'tiroz va takliflarni muhokama qilish va inobatga olish, balki qonun ijodkorligi va huquqni qo'llash bo'yicha amaliy qarorlar ishlab chiqilishiga imkoniyat yaratib berdi.