O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga QABUL 2019/2020

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga QABUL 2019/2020

2019/2020 o'quv yilidan boshlab O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga nomzodlar qabul qilinadi.

Magistratura mutaxassisliklari bo'yicha kadrlar tayyorlash o'qitishning amaliy xususiyatiga va prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog'liqlikka tayangan holda amalga oshiriladi.

Akademiya magistraturasiga nomzodlarni qabul qilish teng huquqlilik, qabul va tanlovning yagona qoidalari asosida amalga oshiriladi. Magistraturaga tanlov “yurisprudentsiya” mutaxassisligi bo'yicha oliy yuridik ma'lumotga ega bo'lgan shaxslar orasida o'tkaziladi. Shuningdek, prokuratura organlari xodimlari, shu jumladan amaldagi kadrlar zaxirasidagi xodimlar tanlovda ishtirok etishi mumkin.

Akademiya magistraturasining “prokurorlik faoliyati”, “tergov faoliyati” va “korrupsiyaga qarshi kurashish” yo'nalishlari bo'yicha 2019/2020 o'quv yiliga jami 30 ta, shu jumladan 18 ta davlat granti va 12 ta to'lov kontrakti asosida qabul kvotalari tasdiqlangan bo'lib, shundan:

 prokuratura organlari xodimlari uchun – 15 ta (har bir yo'nalish bo'yicha 5 tadan);

– ochiq tanlov bo'yicha jami – 15 ta, shu jumladan davlat granti asosida 3 ta (har bir yo'nalishda 1 tadan) va to'lov kontrakt asosida 12 ta.

Ochiq tanlov bo'yicha davlat granti asosida qabul qilingan nomzodlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartib va miqdorda har oylik stipendiya to'lanadi.

Kirish imtihonlari 20 avgust – 10 sentyar oralig'ida mutaxassislik fanlari va chet tili fanidan test sinovi, shuningdek yozma imtihon tarzda o'tkaziladi.

Chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi V2 va undan yuqori darajadagi davlat malaka sertifikatiga yoki xalqaro sertifikatlardan CEFR (Common European Framework of Reference) bo'yicha V2, IELTS (International English Language Testing System) bo'yicha 5.5 ball, TOEFL (Test of English as a Foreign Language) bo'yicha 72 balldan kam bo'lmagan ballga ega nomzodlar chet tili fani bo'yicha imtihonni topshirishdan ozod qilinadilar. Ularga eng yuqori ball (50 ball) qo'shiladi.

Akademiya magistraturasida o'qitish davlat tilida amalga oshiriladi. O'qish davomiyligi – 1 yil.

O'qish jarayonida eng yaxshi natijalarga erishgan Akademiya magistraturasi bitiruvchilari prokuratura organlariga xizmatga qabul qilishga tavsiya qilinadilar.

Bosh prokuratura Akademiyasida magistratura yo'nalishlari bo'yicha ta'lim jarayoni o'qitishning samarali zamonaviy pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qo'llagan tarzda amalga oshiriladi.

Akademiyada ta'lim jarayonining asosini o'qitishning zamonaviy interfaol shakl va usullarini qo'llagan holda, amaliyotga yo'naltirilgan, kompetentlik yondashuv, shuningdek ta'lim sifatini uni baholash maqsadida doimiy monitoring qilish tashkil etadi.

Ta'lim jarayonini yetakchi xorijiy ta'lim muassasalari amaliyotida o'zini oqlagan qulay va samarali usul – akademik kredit tizimi asosida tashkil etish rejalashtirilgan.

Bosh prokuratura Akademiyasi 30 ga yaqin dunyoning yetakchi ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik munosabatlarini o'rnatgan bo'lib, tinglovchilar o'zaro almashinuvi dasturlarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan. Natijada o'quv jarayoniga Akademiya professor-o'qituvchilari bilan bir qatorda qator nufuzli xorijiy ta'lim muassasalaridan ekspertlar, professor-o'qituvchilar jalb qilinadi.

Magistraturaga nomzodlar joriy yil 10 iyun – 10 avgust kunlari davomida doimiy yoki vaqtincha yashash manzili bo'yicha Akademiya qabul komissiyasi a'zolari – prokuratura organlarining kadrlar tarmoqlariga hujjat topshirishlari mumkin.

Nomzodlar tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

so'rovnoma;

tarjimai hol;

pasport, tug'ilganlik haqidagi guvohnoma nusxalari;

yaqin qarindoshlari va ularning faoliyatiga oid ma'lumotlar, tasdiqlovchi hujjatlar (pasport nusxasi, yashash, o'qish yoki ish joyi haqida ma'lumotnoma) ilova qilingan holda;

3,5 x 4,5 sm o'lchamli 4 dona rangli fotosurat;

yashash, ish joyi va sog'lig'i haqida ma'lumotnoma;

oliy ma'lumot to'g'risidagi diplom (yoki diplomdan ko'chirma – O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarini davlat granti asosida o'qib tugatganlar uchun) hamda unga ilova;

chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi V2 va undan yuqori darajadagi davlat malaka sertifikati yoki xalqaro sertifikatlar nusxasi (mavjud bo'lganda);

mehnat daftarchasi nusxasi (mehnat staji mavjud bo'lganda).

O'zingizni qiziqtirgan savollar yuzasidan qabul komissiyasiga (71) 202-04-96 (1775) raqami orqali bog'langan holda batafsil ma'lumot olishingiz mumkin.