2020 yil 9 mart kuni Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetida “Ta'lim muassasalarida korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning ma'naviy-ma'rifiy asoslari” mavzusidagi sohaning malakali mutaxassislari ishtirokida talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot bo'lib o'tdi.
Tadbirda O'zbekiston Milliy universiteti rektori, professor A.R.Maraximov, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korruptsiyaga qarshi kurashish qo'mitasi raisi B.D.Matmuratov, Bosh prokuratura Akademiyasi Korruptsiyaga qarshi kurashish ilmiy ta'lim markazi boshlig'i B.I.Ismoilov, Oliy ta'lim vazirligi Ma'naviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi boshlig'i O.X.Bazarov, IIV Akademiyasi Kriminologiya kafedrasi dotsenti SH.K.Raximov ishtirok etishdi.
Ochiq muloqot tarzida o'tkazilgan mazkur tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi “O'zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari
to'g'risida”gi PF-5729-sonli Farmonida belgilab berilgan vazifalarning ijrosi, korruptsiya xavf-xatarlarini tahlil qilish asosida, aholining keng qatlamini ushbu illatlardan xabardor qilish va fuqarolarning ayniqsa yoshlarning huquqiy ongi, madaniyatni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni o'z vaqtida aniqlash, ularga chek qo'yish, unga imkoniyat yaratuvchi sabablar, shart-sharoitlar va oqibatlarni bartaraf etish, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganligi uchun javobgarlikning muqarrarligi printsipini ta'minlash kabi o'ta muhim masalalar doirasida fikr-mulohazalar almashildi.
Tadbirda “Oliy ta'lim muassasalarida korruptsiyaga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish maqsadida “komplaens nazorat” (compliance control) tizimini joriy etish, jumladan, professor-o'qituvchilar va boshqa xodimlarining yurish-turishi, shuningdek ular faoliyatida korruptsiyani oldini olishga qaratilgan namunaviy kasbiy deontologik talablar tizimini ishlab chiqish jarayonlarini jadallashtirish zarur”ligi haqida to'xtalib o'tildi.