Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo'yicha yangi uslub va mintaqaviy amaliyotlarni rivojlantirish

Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo'yicha yangi uslub va mintaqaviy amaliyotlarni rivojlantirish

Bosh prokuratura Akademiyasining Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyati prokuraturalaridagi doimiy faoliyat yurituvchi shtablari faoliyati doirasida Akademiya rahbariyati va xodimlari tomonidan ichki ishlar va prokuratura organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat xavfsizligini ta'minlash sohasidagi faoliyatining samaradorligi joylarda o'rganildi.

Mazkur hududlarda jinoyatchilik ahvolini o'rganish va tahlil qilish davomida hududiy prokuratura va ichki ishlar organlari mas'ul xodimlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimida qo'llanilayotgan mexanizmlar tizimliligi va samaradorligi darajasini oshirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan tadbirlar hamda ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatining samaradorligini baholash maqsadida hududdagi ayrim tuman va shaharlar aholisi o'rtasida ijtimoiy so'rov o'tkazildi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasida ishtirok etuvchi tashkilotlar o'rtasida tezkor axborot almashinish mexanizmlarini yaratish maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasining Nukus shahri, Nukus va Xo'jayli tumanlari hamda Xorazm viloyatining Urganch shahri va Xonka tumanlarida «Profinspektor» maxsus elektron dasturi joriy etildi. Profilaktika inspektorlari hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi bo'linmalarining rahbar kadrlari uchun mazkur dasturiy ta'minotdan foydalanish qoidalarini tushuntirish bo'yicha o'quv seminarlari o'tkazildi.

Shuningdek, profilaktika inspektorlarining bilim darajasi, ko'nikma va kompetentsiyalarini aniqlash bo'yicha diagnostika test sinovlari o'tkazildi.

Jinoyatlar sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish bo'yicha Nukus shahri va Bog'ot tumani hududiy ekspert-tahlil guruhlarining tarkibiga xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlari jalb qilinib, jinoyatchilik ahvolini mahallalar kesimida muhoqama qilish, jinoyatlar sodir etilishiga sabab bo'lgan shart-sharoitlarni bartaraf etish bo'yicha kompleks chora-tadbirlarini ishlab chiqish hamda profilaktika inspektorlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o'rnatish tartiblari joriy etildi.

Bundan tashqari, huquqiy madaniyatni yuksaltirish va aholiga yuridik xizmat ko'rsatish maqsadida Qoraqalpoq davlat universiteti qoshida tashkil etilgan “Yuridik klinika” faoliyati o'rganilib, tegishli tavsiyalar berildi.