O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Akademiyasi “Aholi migratsiyasida raqamli vizalar platformasini ishlab chiqish” innovatsion loyihani amalga oshirish, shuningdek migratsiya sohasidagi davlat boshqaruvining strategik jihatlarini aniqlash, ustuvor xususiyatlarini tadqiq etish, migratsion qonunchilik va tashkiliy-institutsional mexanizmlarning ishlash holatini o'rganish asosida mavjud muammo va kamchiliklarning bartaraf etilishi, migratsiya jarayonlarini samarali tartibga solish tizimini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida 2020 yil 18 dekabr` kuni bo'lib o'tadigan Migrantlar xalqaro kuniga bag'ishlangan “Mamlakatimizda migratsiya sohasidagi davlat boshqaruvining dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiyaga taklif etadi.
Mazkur tadbirda milliy va chet el oliy ta'lim va ilmiy tadqiqot institutlari ekspertlari, qonun chiqaruvchi hokimiyat vakillari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, migratsiya munosabatlarini tartibga solish bilan shug'ullanuvchi idoralar xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, migratsiya muammolari bilan shug'ullanayotgan tadqiqotchilar qatnashishlari mumkin.
Huquq, iqtisod, siyosat, sotsiologiya kabi fanlarning predmeti bo'lgan migratsiya masalasi kompleks xususiyatga ega ekanligini inobatga olib, mazkur mavzu bilan ilmiy tadqiqot olib borayotgan barcha izlanuvchilarni ilmiy maqola va tezislari bilan ishtirok etishga taklif
qilamiz.
Xalqaro konferensiya ishi o'zbek, rus va ingliz tillarida quyidagi sho''balarda olib boriladi:
1. Migratsiya masalasining huquqiy muammolari;
2. Migratsiya jarayonlarining iqtisodiyotdagi o'rni va ahamiyati;
3. Migratsiyaning siyosiy jihatlari va xususiyatlari;
4. Migratsiyaning ijtimoiy-madaniy hayotga ta'siri;
5. Migratsiya va sohalararo tadqiqotlarning istiqbollari.
Konferensiya yakunlari bo'yicha to'plam nashr etish ko'zda tutilgan. Mazkur to'plamda ilmiy maqola va tezislar bilan ishtirok etish uchun quyidagi keltirilgan talablarga muvofiq rasmiylashtirilgan ilmiy maqola va tezislarni o'zbek, rus yoki ingliz tillaridan birida joriy yilning 20 noyabriga qadar 23042020@proacademy.uz elektron manzili orqali yuborishingiz so'raladi.
Maqola va tezislarning asosiy sharti ilova qilinadi.
To'plamda nashr etiladigan maqolalar dissertatsiyalar asosiy natijalarini chop etishga tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro'yxatiga kiritilgan xorijiy ilmiy nashrlarda chop etilgan ilmiy maqolalarga tenglashtiriladi
MAQOLAGA QO'YILADIGAN 10 ASOSIY TALAB:
1. Maqolada konferensiya sektsiyalaridagi mavzulardan biri bo'yicha tizimli tahlil hamda aniq yangi nazariy va amaliy takliflar aks etishi;
2. Matn takrorlarsiz, mantiqiy izchil, bayon qilingan fikrlar aniq, qisqa va lo'nda bo'lishi;
3. Keltirilayotgan ma'lumotlar ishonchli va to'g'ri bo'lishi;
4. Maqolaga to'plamda nashr qilish mumkinligi haqida shu sohadagi yetakchi olim yoki mutaxassisning yohud muallif, tadqiqotchi faoliyat yuritadigan muassasa yoki uning tarkibiy tuzilmasi (kafedra) rahbari taqrizi;
5. Matn o'zbek, rus yoki ingliz tillaridan birida taqdim etilishi;
6. Matn kompyuterda Microsoft Word dasturining Times New Roman shriftida 14 kattalikda 1,5 intervalda A4 formatli standart oq qog'ozning bir tomonida yozilishi, elektron nusxada taqdim etilishi hamda matnning chap qismi 3 sm, o'ng qismi 1,5 sm, tepa va pastki qismlari 2 sm bo'lishi;
7. Maqolada ilmiy bahs-munozara, iqtiboslarning mavjud bo'lishi; iqtiboslar 12 kattalikdagi shriftda 1,0 intervalda yozilishi (iqtiboslar tegishli betning pastki qismida keltirilishi);
8. Maqolaning hajmi 6 betdan 12 betgacha, tezisning hajmi 3-4 bet bo'lishi;
9. Maqolaning birinchi sahifasida muallifning ism-sharifi, ilmiy darajasi va unvoni, ish joyi va lavozimi, yashash va xizmat manzili, telefon raqamlari yozilishi;
10. O'zbek, rus va ingliz tilidagi muallifning ism-sharifi, ilmiy darajasi va unvoni (agar mavjud bo'lsa), ish joyi va lavozimi, maqolaning nomi, qisqacha annotatsiya hamda tayanch so'zlar bo'lishi shart.
IZOH: Maqolalar elektron shaklda qabul qilinadi. Maqolaning konferensiya qaysi sektsiyasiga taalluqli ekanligini maqola sarlavhasida qo'shimcha ko'rsatib o'tish lozim. Ushbu talablarga muvofiq kelmaydigan materiallar nashrga qabul qilinmaydi va muallifga qaytarilmaydi.
Batafsil ma'lumotlar uchun O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasining rasmiy sayti www.proacademy.uz ni kuzatib boring.