Bosh prokuratura Akademiyasida BMT Taraqqiyot dasturi mutaxassisi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Bosh prokuratura Akademiyasida BMT Taraqqiyot dasturi mutaxassisi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

2019 yil 14 dekabrda Bosh prokuratura Akademiyasida Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag'ishlangan qator tadbirlar doirasida BMT Taraqqiyot dasturining Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi tinch va inklyuziv jamiyatlar uchun (ACPIS) korrupsiyaga qarshi global loyihasi eksperti Aida Arutyunova bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Uchrashuv davomida xorijiy ekspertga Akademiyaning davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi malakasini oshirish bo'yicha faoliyati, Akademiya Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta'lim markazining maqsadlari, vazifalari va tadqiqotlari, Barqaror rivojlanish maqsadlari yutuqlarini muvofiqlashtirish (16-maqsad bo'yicha) hamda korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlik samaradorligini oshirish maqsadida jinoyat qonunchiligini takomillashtirish to'g'risidagi ma'lumotlar yetkazildi.

O'z o'rnida A.Arutyunova ishtirokchilarga BMT Taraqqiyot dasturining Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi tinch va inklyuziv jamiyatlar uchun korrupsiyaga qarshi global loyihasining (ACPIS) faoliyati, 2019 yilda “O'zbekistonda samarali, hisobdor va ochiq boshqaruv institutlari orqali korruptsiyaga qarshi kurashish” qo'shma loyihasining amalga oshirilishi to'g'risida taqdimot qildi.

Uchrashuvda huquqni muhofaza qilish idoralari uchun xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida aholining xabardorligini oshirish, masofaviy o'qitishning zamonaviy vositalari va usullarini joriy etish, shuningdek sog'liqni saqlash, ta'lim, qurilish, davlat xaridlari kabi sohalardagi korrupsiya xavf-xatarlarini aniqlash bo'yicha korrupsiyaga qarshi samarali mexanizmlarni ishlab chiqish va ularni barqaror rivojlanish milliy strategiyalarida amalga oshirish maqsadida Akademiya va BMT Taraqqiyot dasturining hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, A.Arutyunova “Korrupsiyaga qarshi kurashish” yo'nalishi bo'yicha magistratura tinglovchilari uchun “Global rivojlanish kun tartibi kontekstida korrupsiyaga qarshi kurashish–2030 ” mavzusida master-klass o'tkazib, unda tadbir ishtirokchilariga BMTning Korrupsiyaga qarshi konventsiyasining asosiy talablari va uni amalga oshirish mexanizmlari, 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlari, turli mamlakatlarda xususiy sektorda “komplaens nazorat”ning korrupsiyaga qarshi tizimlarini joriy qilish jarayonlari, korruptsiyaviy huquqbuzarliklarining oldini olish bo'yicha eng yaxshi xorijiy tajribalar va boshqalar haqida ma'lumot berdi. 

Ishtirokchilar e'tiboriga BMT Taraqqiyot dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi O'quv xablari to'g'risida ma'lumot yetkazildi.