Prokuratura organlarida lavozimlarni egallash uchun nomzodlarni kasbiy qayta tayyorlash kurslari nihoyasiga yetdi

Prokuratura organlarida lavozimlarni egallash uchun nomzodlarni kasbiy qayta tayyorlash kurslari nihoyasiga yetdi

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi PF–5438-sonli “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoniga asosan ilk marotaba tashkil etilgan prokuratura organlarida lavozimlarni egallash uchun nomzodlarni kasbiy qayta tayyorlash kurslari nihoyasiga yetdi.

Qayta tayyorlash kursi olti oy davom etib, prokuror-tergov ishi va prokuratura organlarida ish yuritishni tashkil qilish asoslarini o'qitishga yo'naltirildi. Oliy ta'lim hamda amaliy faoliyat orasida mavjud bo'shliqlarni to'ldirish maqsadida ta'lim jarayoni amaliyotga yo'naltirilgan kompetentsiyaviy yondashuv asosida tashkil etildi.

O'quv mashg'ulotlari ilg'or pedagogik va axborot-komunikatsiya texnologiyalarini qo'llagan tarzda o'tkazildi. Tinglovchilarda tergov va tezkor-qidiruv tadbirlarini o'tkazish bo'yicha amaliy va maxsus ko'nikmalarni shakllantirish maqsadida o'quv mashg'ulotlari kriminalistik poligon, sud imitatsiyasi zali, elektron tir va boshqa maxsus jihozlangan o'quv xonalarida o'tkazildi.

O'qish jarayonida kurs tinglovchilari tahliliy fikrlash qobiliyati, chet tillarida so'zlash va shu kabi samarali faoliyat yuritish uchun zarur boshqa ko'nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo'ldilar.

Kurs dasturi prokuratura organlari faoliyatini tashkil etish, qonunchilik ijrosi ustidan nazorat, huquqbuzarliklar profilaktikasi, sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash va umumiy kompetensiyalarga oid o'quv bloklaridan tashkil topdi.

Har bir o'quv bloki bo'yicha auditoriya mashg'ulotlari poytaxt tumanlari prokuraturalarida amaliyot o'tash bilan birga tashkil etib borildi. Bu tinglovchilarda tergovga qadar tekshirish va tergov harakatlarini o'tkazish, ish yuritish, murojaatlar bilan ishlash va tergov-prokurorlik faoliyatiga oid boshqa ko'nikmalarning shakllanishiga xizmat qildi.

Birlamchi ixtisoslashuv shaklidagi qayta tayyorlash kurslari zarur axloqiy, psixologik fazilatlar va har tomonlama bilim va yuqori malakaga ega bo'lgan munosib nomzodlarni tanlab olish imkonini beradigan, prokuraturaga xizmatga qabul qilishning mutlaqo yangi modeliga asos solib berdi.