O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida o'tgan davr mobaynida tarkibiy tarmoqlar tomonidan amalga oshirilgan faoliyat natijalari ko'rib chiqilib, ustuvor faoliyat yo'nalishlari belgilab olindi.
Xususan, Akademiya professor-o'qituvchilarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash, amaliy ahamiyatga ega bo'lgan dolzarb mavzular bo'yicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.
O'quv modullari, reja va dasturlarini ishlab chiqish, shuningdek tinglovchilarning aniqlangan ehtiyojlarini inobatga olgan holda ularni tizimli ravishda yangilab borish masalasiga alohida e'tibor qaratildi.
Akademiya kafedralarining o'quv-metodik bazani kengaytirish va yangilash, o'quv-uslubiy qo'llanmalar, amaldagi qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotining dolzarb muammolari bo'yicha ilmiy maqolalar tayyorlash va nashr qilish borasidagi faoliyati ko'rib chiqildi.
Muhokamalar jarayonida masofaviy hamda aralash kurslar tashkil etish vositasida tinglovchilar kontingentini yanada kengaytirish istiqbollari belgilab olindi, shuningdek eng zamonaviy pedagogik texnologiyalar va mul`timedia imkoniyatlarini qo'llagan holda tegishli ta'lim kontentini izchil takomillashtirib va to'ldirib borish zarurligi ta'kidlab o'tildi.
Prokuror-tergov sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarining amaliy ahamiyatga ega bo'lishida Akademiyaning maxsus jihozlangan imitatsiya o'quv xonalarida tizimli yangilanib boriladigan kazuslar va ishchan o'yinlar ssenariylari bo'yicha o'tkaziladigan amaliy va vaziyatli o'quv mashg'ulotlari muhim o'rin tutadi.
Akademiya tarkibiy tarmoqlari ilmiy va ta'lim salohiyatini mustahkamlash, ta'lim sifatini oshirish hamda ilg'or xorijiy tajribani joriy etish maqsadida idoralararo va xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida aniq vazifalar belgilab olindi.
Ta'lim, ilm-fan va amaliyotning integratsiyalashuvini ta'minlash, yuqori malakali, tashabbuskor, yangicha fikrlaydigan, o'z xalqiga sadoqatli kadrlarni tayyorlash maqsadida huquqni muhofaza qilish tizimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi samaradorligini yanada oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi.