BOSH PROKURATURA AKADEMIYASI MAGISTRATURASIGA KIRISH IMTIHONLARI HAQIDA

BOSH PROKURATURA AKADEMIYASI MAGISTRATURASIGA KIRISH IMTIHONLARI HAQIDA

2019/2020 o'quv yilidan 2019/2020 o'quv yilidan boshlab O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga abiturientlar qabul qilinadi.

Magistraturaning “prokurorlik faoliyati”, “tergov faoliyati” va “korruptsiyaga qarshi kurashish” mutaxassisliklari bo'yicha kadrlar tayyorlash o'qitishning amaliy xususiyatiga va prokuratura 
organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog'liqlikka tayangan holda amalga oshiriladi.

Akademiya magistraturasida tahsil olish uchun bugungi kunda jami 310  nafar abiturient hujjat topshirdi.

Kirish imtihonlari yozma imtihon va suhbatdan tashkil topadi. Yozma imtihon huquqiy mavzuda esse va chet tili bo'yicha test savollaridan iborat.

Imtihonni o'tkazishda ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash maqsadida:

– chet tili bo'yicha test savollari Davlat test markazi tomonidan tuzilib, markaz tomonidan imtihon o'tkaziladi va javoblari baholanadi;

– yozma imtihon Xalqaro biznes markazi binosida o'tkaziladi;

– yozma imtihonga, imtihon javoblarini tekshirishga va suhbat bo'yicha komissiya faoliyatiga boshqa idoralar vakillari kuzatuvchilar va mutaxassislar sifatida jalb qilinadi;

– imtihon biletlari avtomatik tarzda elektron generatsiya qilinadi;

– imtihonni olish, uning javoblarini tekshirish va suhbat jarayoni to'liq videotasvirga olinadi;

– har bir nomzodga identifikatsion raqam beriladi va imtihon javoblari to'liq shifrlanadi.

Yozma imtihon o'tkaziladigan vaqt va joy: chet tili va huquqiy mavzuda esse 4 sentyabr kuni soat 08.00 da Xalqaro biznes markazida (Yunusobod tumani, Amir Temur shoh ko'chasi, 107 B. 
Mo'ljal: Interkontinental` mehmonxonasi, “Bodomzor” metro bekati) boshlanadi.

Yozma imtihon jarayoni Bosh prokuratura Akademiyasining Feysbukdagi rasmiy sahifasi orqali onlayn tarzda namoyish etiladi (www.facebook.com/ProsecutorAcademy).

Kirish imtihonlarini topshirish uchun nomzodlar shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan belgilangan vaqt va joyga kelishlari lozim.

Belgilangan vaqtdan kech qolgan nomzodlar imtihonga kiritilmaydi, shuningdek kelmagan nomzodlar uchun qo'shimcha imtihon o'tkazilmaydi va bunday nomzodlarga tegishli imtihon uchun “0” ball qo'yiladi.

4 sentyabr kuni birinchi yarmida chet tili bo'yicha imtihon, ikkinchi yarmida esa mutaxassislik fanlari bo'yicha imtihon o'tkaziladi.

Nomzodlarning imtihonga kirish aniq vaqti ularga individual tarzda yetkaziladi.

Imtihon kuni auditoriyaga o'quv adabiyoti, lug'at, ma'lumotnoma, jadval, konspekt, bloknot, qog'oz yoki elektron shakldagi shpargalkalar, normativ-huquqiy hujjatlar, boshqa ma'lumot 
manbalari, shuningdek aloqa vositalari, audio, foto va video yozish qurilmalarini olib kirish hamda ulardan foydalanish taqiqlanishi ma'lum qilinadi.

Chet tili bo'yicha yozma imtihon 30 ta savoldan iborat bo'lib, 3 qismga bo'linadi:

– 1-bo'lim: Tinglab tushunish (10 ta savol), har bir to'g'ri javob uchun 1,5 ball beriladi;

– 2-bo'lim: O'qish (10 ta savol), har bir to'g'ri javob uchun 2 ball beriladi;

– 3-bo'lim: Leksik va grammatik kompetentsiyalar (10 ta savol), har bir to'g'ri javob uchun 1,5 ball beriladi.

Testni bajarish uchun 1 soat, javoblarni javob varaqasiga ko'chirish uchun 10 daqiqa, jami 1 soat 10 daqiqa vaqt ajratiladi.

Milliy sertifikat yoki xalqaro sertifikatlarning quyidagi darajalariga ega bo'lgan nomzodlarga chet tilidan imtihonlarsiz maksimal ball beriladi:

ingliz tili uchun – B2 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikat yoki International English Language Testing System (IELTS 5.5), Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 72), Cambridge Assessment English FCE xalqaro imtihon tizimlari bo'yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

nemis tili uchun – B2 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikat yoki Goethe-Zertifikat, Deutsches Sprachdiplom (DSD), Test Deutsch als Fremdsprache (Test DAF) xalqaro imtihon tizimlari bo'yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

frantsuz tili uchun – B2 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikat yoki Diplome d'Etudes en Langue Francaise (DELF), Test de Connaissance du Francais (TCF) xalqaro imtihon tizimlari 
bo'yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

yapon tili uchun – B2 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikat yoki Japanese Language Proficiency Test (JLPT № 2) xalqaro imtihon tizimlari bo'yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

boshqa tillar uchun – B2 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo'yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori.

Yozma imtihonda abiturientdan o'ziga tushgan huquqiy mavzuda esse yozish talab etiladi va bunga 2 soat vaqt ajratiladi. Esse javobi 100 ballik tizimda baholanadi.

Kirish imtihonlari bilan bog'liq barcha masalalar, shu jumladan esse mavzulari Bosh prokuratura Akademiyasining rasmiy veb-saytida (www.proacademy.uz) e'lon qilib boriladi.

Esse natijalariga ko'ra 55 va undan yuqori ball to'plagan nomzodlar kirish imtihonlarining keyingi bosqichi – suhbatga kiritiladi.

Kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o'tgan nomzodlar 15 sentyabrga qadar Akademiya magistraturasiga o'qishga qabul qilinadi.

Kirish imtihonlariga oid qo'shimcha ma'lumot olmoqchi bo'lgan nomzodlar uchun Bosh prokuratura Akademiyasi binosida (Mirobod tumani, Shahrisabz ko'chasi, 42. Mo'ljal: Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti akademik litseyi binosi ro'parasida) har kuni konsultatsiyalar o'tkaziladi.

Qo'shimcha ma'lumot olish uchun 71-202-04-96 (ichki 1775; 1795) telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Bosh prokuratura Akademiyasining jamoasi nomzodlarga kirish imtihonlari davomida zarur sharoitlarni yaratib berishga qaratilgan barcha choralarni ko'radi va ularga omad tilab qoladi.