O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri prokuraturalari va ularga tenglashtirilgan prokuraturalar xodimlari uchun “Jinoyat sud protsessida prokuror vakolatlarini ta'minlashning samaradorligini oshirish masalalari” mavzusida navbatdagi malaka oshirish kursi yakunlandi.
Kurs dasturi amaliy o'quv mashg'ulotlaridan iborat bo'lib, mavzular alohida turdagi jinoyat ishlarini hal qilishda mavjud tizimli muammolar, shuningdek, alohida o'rganish talab etiladigan jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi masalalari doirasidan kelib chiqib shakllantirilgan.
Xususan, sud jarayoni imitatsiyasi o'quv xonasida tinglovchilar ishtirokida amaliyotda muammolar mavjud bo'lgan toifadagi ishlarni ko'rib chiqish bo'yicha sud jarayoni imitatsiyalari o'tkazildi.
Shuningdek, tinglovchilar uchun jinoyat ishlari bo'yicha Yunusobod tuman sudining sud`yasi F.Ismailova raisligi ostida, davlat ayblovchisi shu tuman prokurori yordamchisi J.Usmonov ishtirokida sayyor sud majlisi tashkil etildi.
O'quv kursi dasturi shuningdek amaldagi qonunchilikka kiritilgan yangiliklarni qo'llash, sud jarayonida prokuror vakolatini ta'minlash bo'yicha faoliyatni samarali tashkil etish, sud-prokuror amaliyotini umumlashtirish metodikasi va aniq hisobotlar tayyorlash masalalarini qamrab oldi.
Malaka oshirish kursi doirasida Sud`yalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, IIV Tergov departamenti va Advokatlar palatasi bilan hamkorlikda “Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining sud jarayoni ishtirokchilari bilan muloqot qilish madaniyati” mavzusida qo'shma o'quv seminari tashkil etildi. Seminarda sud jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda sud`yalar kasbiy etikasi va muloqot madaniyati masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tadbir ishtirokchilari kasbiy etika qoidalarining buzilishi bilan bog'liq bo'lgan amaliyotda mavjud holatlarni ko'rib chiqib, ularning oldini olish choralarini muhoqama qildilar.
Kurs tinglovchilari bir qator amaliyot materiallari, shu jumladan alohida toifadagi jinoyat ishlari bo'yicha shakllangan sud-prokuror amaliyoti hujjatlarini ko'rib chiqib, amaliyotning eng dolzarb muammolari yuzasidan tegishli tavsiyalarni ishlab chiqdilar.