Osiyo va Tinch okeani davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha tarmog'ining (ARIN-AP) tadbirlarida ishtirok etildi

Osiyo va Tinch okeani davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha tarmog'ining (ARIN-AP) tadbirlarida ishtirok etildi

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi vakili G'arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha norasmiy tarmog'i (ARIN-WCA) Kotibiyatining vazifalarini amalga oshirishi doirasida joriy yilning sentyabr oyida Mongoliyaning Ulan-Bator shaxrida o'tkazilgan Osiyo va Tinch okeani davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha norasmiy tarmog'ining (ARIN-AP) tadbirlarida ishtirok etdi.

ARIN-APning yillik umumiy yig'ilishida mazkur tarmoq ish faoliyatining natijalari, noqonuniy aktivlarning xalqaro aylanmasini oldini olish, aniqlash va ularga nisbatan ta'sir choralarini yanada samarali usullarini qo'llash borasida davlatlarning imkoniyatlarini kengaytirish hamda aktivlarni qaytarish maqsadida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda tarmoqqa a'zo davlatlarning prokuratura hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, moliyaviy razvedka bo'linmalari xodimlari, kuzatuvchilar, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotik moddalar va jinoyat boshqarmasi (UNODC), Jaxon banki va Interpol kabi xalqaro tashkilotlarning (jami 23 ta davlat va 6 ta tashkilot) vakillari ishtirok etishdi.

Bundan tashqari tadbir doirasida Avstraliya politsiyasi ko'magida tashkil etilgan seminarda ishtirokchilar tomonidan noqonuniy aktivlarga benefitsiar egalik qilishni aniqlash usullari, ARIN-WCAga a'zo davlatlarda aktivlarni qaytarishning huquqiy asoslari, bu sohadagi ishlarni tergov qilishning ilg'or tajribalari, huquqiy va institutsional mexanizmlarni takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko'rib chiqildi.

Tadbirlar yakunida ishtirokchilar aktivlarni qaytarishda ARIN tarmoqlarining salohiyatini oshirish, bu sohadagi tadbirlarni amalga oshirishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun ko'mak bo'luvchi o'zaro tajriba va maxsus bilimlarni almashish maqsadida mazkur tarmoq doirasida hamkorlik qilishni yanada qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.