Akademiyada huquqni muhofaza qiluvchi organlar tergovchilari uchun kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va raqamli ekspertizalarni o'tkazish bo'yicha seminar-trening

Akademiyada huquqni muhofaza qiluvchi organlar tergovchilari uchun kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va raqamli ekspertizalarni o'tkazish bo'yicha seminar-trening

Joriy yilning 28-31 oktyabr kunlari Akademiyada «Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va raqamli ekspertizalarni o'tkazish» mavzusida ushbu yo'nalishda faoliyat yurituvchi mutaxassis-amaliyotchilar uchun mo'ljallangan to'rt kunlik seminar-trening bo'lib o'tdi.

Mazkur tadbir YEXHTning O'zbekistondagi loyihalar bo'yicha Ofisi Koordinatori va O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tomonidan YEXHT Kotibiyatining politsiya faoliyati strategik masalalari bo'yicha bo'limi ko'magida tashkil etildi.

Tadbirda Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati kabi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 35 nafar xodimi qatnashdi.

Seminar dasturi Dublin Universiteti kollejining (UCD CCI) kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va raqamli tergov qilish Markazi tomonidan ishlab chiqilgan, raqamli tergov sohasidagi bilimlar va kasbiy ko'nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan kompleks ta'lim modulini o'z ichiga olgan.

Mazkur seminar o'z xizmat vazifalaridan kelib chiqib jinoyat sodir etilgan joyga birinchi bo'lib yetib boradigan va o'z kasbiy vazifalarini tezkor bajarish uchun zaruriy ko'nikmalarga ega bo'lishi lozim bo'lgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun mo'ljallangan.

Kursning amaliy ahamiyati shundaki, u holatga tezkor munosabat bildirishning barcha jihatlarini – jinoyat sodir etilgan joyni ko'zdan kechirishni rejalashtirish, tayyorgarlik ko'rish va o'tkazishdan tortib, to raqamli dalillarni saqlash, hodisa/voqea haqida bildirgi tayyorlash va keyingi tergov harakatlarigacha bo'lgan jihatlarni qamrab olgan.

Ushbu seminarning o'ziga xos jihati, unda Estoniya politsiyasi xodimi sifatida 16 yildan ortiq ish tajribasiga ega bo'lgan Anna Illamaa hamda Moldova Hukumati huzuridagi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash boshqarmasida 11 yillik ish tajribasiga ega bo'lgan Aleksandr Donch kabi xalqaro ekspert-trenerlarning, shuningdek, fasilitator sifatida Akademiyaning ikki nafar o'qituvchisining ishtirok etganliklaridir.

Akademiya o'qituvchilarining fasilitator, ya'ni o'quv jarayonining faol va ob'ektiv ishtirokchilari sifatida qatnashganliklari nafaqat seminarning umumiy maqsadiga erishish hamda O'zbekistonda mavjud tergov amaliyoti uchun zarur kurs materiallarini boyitish, balki ular uchun kelgusida mustaqil ravishda shu kabi o'quv kurslarini o'tkazish bo'yicha katta tajriba orttirish imkonini berdi.