Prokuratura organlarining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash faoliyatini takomillashtirish istiqbollari

Prokuratura organlarining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash faoliyatini takomillashtirish istiqbollari

Joriy yilning 27 noyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasida viloyatlar prokuraturalari va ularga tenglashtirilgan prokuraturalar, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Departament xodimlari uchun «Prokuratura organlarida murojaatlar bilan ishlash faoliyati samaradorligini yanada oshirish istiqbollari» mavzusida vebinar o'tkazildi.

Vebinar xodimlarda murojaatlarni qabul qilish va ko'rib chiqish, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilishni tashkil qilish ko'nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, mavjud tizimli muammolarni muhokama qilish va ularni samarali hal qilish bo'yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirning amaliy ahamiyatini ta'minlash maqsadida, unga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi vakillari, Bosh prokuraturaning ijtimoiy va iqtisodiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat, murojaatlar bilan ishlash tarmoqlari xodimlari, shuningdek, Akademiyaning professor-o'qituvchilari va magistratura kurslari tinglovchilari jalb etildi.

Vebinarda «Murojaatlarni ko'rib chiqishda prokuratura organlari va Prezident Xalq qabulxonalarining hamkorligi», «Prokuratura organlarining murojaatlar bilan ishlash faoliyati samaradorligini yanada oshirish masalalari», «Prokuratura organlari xodimlarining murojaatlar bilan ishlash bo'yicha kasbiy qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalari», «Murojaatlarni ko'rib chiqishda yo'l qo'yilayotgan kamchiliklarni samarali bartaraf etish» va «Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillari qabulini o'tkazishning psixologik jihatlari» kabi dolzarb mavzular bo'yicha 
ma'ruzalar tinglandi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan prokuratura organlarining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash faoliyati samaradorligini oshirish, mavjud tizimli kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha amaliy takliflar va quyi prokuraturalarning tegishli tarmoqlari ishini to'g'ri tashkil etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.